Jahon | 13:24 / 04.01.2023
10299
4 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qiladi

Turkiya prezidenti Rossiya yetakchisi va Ukraina davlat rahbari bilan telefon suhbatlarida kelishuv masalasini muhokama qiladi. Anqara Moskva va Kiyev bilan intensiv diplomatik aloqalarni davom ettirmoqda.

Foto: Getty Images

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 4 yanvar kuni Rossiya yetakchisi Vladimir Putin, shuningdek, Ukraina davlat rahbari Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qiladi. Bu haqda turkiyalik siyosatchining matbuot kotibi Ibrohim Kalin 3 yanvar, seshanba kuni NTV telekanaliga ma’lum qildi.

Anqara Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini hal qilish uchun Moskva va Kiyev bilan Tashqi ishlar, Mudofaa vazirliklari rahbarlari va razvedka xizmatlari rahbarlari darajasida intensiv diplomatik aloqalarni davom ettirmoqda, deya qo‘shimcha qildi Kalin. 

Uning eslatishicha, Turkiya ikki davlat vakillarining muzokara stolida uchrashuvlarini o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan yagona davlatdir. 

Dastlab Antaliyada, keyin Istanbulda uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, deya eslatdi Kalin. 

Shunday qilib, 2022 yil 10 mart kuni Antaliyadagi diplomatik forum doirasida Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kuleba o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Keyinchalik, 2022 yil 29 va 30 mart kunlari Rossiya Federatsiyasi va Ukraina delegatsiyalari Istanbulda muloqot qildi. 

Erdo‘g‘anning vakili uchrashuvlar davomli bo‘lmaganidan afsusda ekanini bildirdi. Turkiya prezidenti ikki davlat rahbarlarini bir necha bor uchrashishga chaqirdi, dedi Kalin. «Biz ushbu taklifni davom ettiramiz», deya qo‘shimcha qildi matbuot kotibi. 

Turkiya prezidentining matbuot kotibi, shuningdek, «Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni chuqurlashtirish» xavfi juda yuqori ekanligidan ogohlantirdi. 

Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov 3 yanvar kuni «suhbat rejalashtirilganligini» tasdiqladi. 

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2022 yil 11 dekabr kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashdi. O‘shanda Turkiya rahbari Qora dengiz orqali eksport qilish bo‘yicha kelishuvni Ukraina g‘allasidan tashqari boshqa tovarlarga ham kengaytirishni xohlayotganini aytdi. 

Kremlning ma’lum qilishicha, Putin va Erdo‘g‘an «Qora dengiz portlaridan Ukraina g‘allasi hamda Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘g‘itlarini eksport qilish bo‘yicha 22 iyuldagi Istanbul kelishuvlarining bajarilishini ko‘rib chiqqan». 

«Kelishuv murakkab xarakterga ega bo‘lib, u eng muhtoj mamlakatlar ehtiyojlarini qondirish uchun Rossiyadan tegishli yetkazib berish yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashni talab qiladi», — deb xabar berdi Rossiya Federatsiyasi prezidenti devonida. 

Shu kuni Turkiya prezidenti Ukraina rahbari bilan telefon orqali gaplashdi. Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Zaporijjya atom elektr stansiyasi atrofidagi keskinlikning tezroq yumshatilishiga umid bildirdi. «Men ukrainalik bolalarning boshpanasi va shaharlarimiz uchun yuzlab generatorlar uchun minnatdorchilik bildirdim», — deb ta’kidladi Ukraina prezidenti suhbat yakunlari bo‘yicha Telegram’da. 

O‘sha kuni Yevropa Ittifoqi Turkiya hukumatini Rossiyaga nisbatan savdo siyosatini o‘zgartirishga va Ukrainaga keng ko‘lamli qurolli bosqin uchun Moskvaga kiritilgan G‘arb sanksiyalariga rioya qilishga chaqirdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid