Jahon | 14:50 / 06.01.2023
7461
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden AQShga noqonuniy migratsiyani cheklamoqchi

AQSh prezidenti Markaziy Amerikadan kelgan muhojirlarni Amerika chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinishdan ogohlantirdi. Shu bilan birga, u har oy ushbu mintaqadan 30 minggacha muhojirni qonuniy qabul qilishga tayyorligini bildirdi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakatga noqonuniy migratsiyani cheklash bo‘yicha yangi choralarni e’lon qildi. U Markaziy Amerikadan kelgan muhojirlarni Amerika chegarasiga hujjatsiz bormaslikka chaqirdi. «Siz shunchaki, hujjatlarsiz chegarada ko‘rinmasligingiz kerak», dedi Bayden 5 yanvar, payshanba kuni Oq uyda qilgan chiqishida.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, AQShga quruqlik orqali noqonuniy kirishga uringan muhojirlar bundan buyon doimiy ravishda chiqarib yuboriladi. Bayden siyosiy muhitni hisobga olgan holda, xavfsizlik nuqtayi nazaridan muhojirlarni o‘z mamlakatlariga qaytarish qiyinligini tan oldi. Shu bilan birga, u Meksika har oy 30 ming shunday noqonuniy muhojirni qabul qilishga tayyorligini bildirdi.

Bayden o‘z nutqida Oq uy bir vaqtning o‘zida Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan xohlovchilarning immigratsiyasini osonlashtirishni istayotganini aytdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bir qator shartlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu mamlakatlardan har oy 30 ming nafargacha muhojirni qabul qilishi mumkin, biroq xohlovchilar avvalo o‘z vatanlarida tegishli arizalarni topshirib, xavfsizlik tekshiruvidan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Migrantlar va qochqinlar siyosati AQShda dolzarb mavzu. Muxolifatdagi respublikachilar Baydenni noqonuniy muhojirlarga nisbatan yumshoq munosabatda bo‘lganlikda ayblamoqda. Shu bilan birga, boshqalar uni haddan tashqari, ularning fikricha, qattiqqo‘lligi uchun tanqid qilishadi.

Birgina noyabr oyida AQShning janubiy chegarasida 230 ming noqonuniy muhojir qo‘lga olingan. Har yili yuzlab odamlar Markaziy Amerikadan AQShga o‘tishga urinib halok bo‘lishadi.

Kuni kecha Nyu-York shtati va Kanadaning Kvebek provinsiyasi o‘rtasidagi chegara o‘tish joylaridan biri yaqinida erkakning jasadi topildi, deb xabar berdi Kanada politsiyasi. So‘nggi yillarda o‘n minglab hujjatsiz noqonuniy muhojirlar AQShdan Kanadaga o‘tishga harakat qilishdi. Ularning aksariyatini chegarachilar ushladi. Qo‘shma Shtatlarning shimoliy chegarasida o‘lim holatlari juda kam uchraydi.

Mavzuga oid