Jahon | 19:42 / 06.01.2023
26229
3 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In qizini voris sifatida tayyorlamoqda - OAV

Shimoliy Koreya rahbari so‘nggi paytlarda qizi bilan turli tadbirlarda ko‘rinish bera boshlaganining sababi shu bo‘lishi mumkin.

Foto: Reuters

KXDR yetakchisi Kim Chen In qizini voris sifatida tayyorlamoqda. Bu haqda The New York Times gazetasi materialida aytiladi.

Gazetaning yozishicha, oxirgi paytlarda Kim Chen In qizi bilan tez-tez omma oldiga chiqa boshlagan. Garchi hozircha xorijlik ekspertlarning hech biri uning ismi-sharifi va necha yoshda ekanini aniq ayta olmasa ham, uning to‘satdan ommaviy PR qilinishi KXDR rahbari o‘ziga voris sifatida tayyorlayotganini anglatishi mumkin.

Noyabr oyida Shimoliy Koreya davlat matbuoti Kim Chen In va uning qizi raketa sinovi o‘tkazilayotganini birga tomosha qilishgani tasvirlangan suratni chop etgan edi. Yangi yil arafasida ota va qiz birgalikda yadroviy raketa inshootiga borgani haqida fotosuratlar e’lon qilindi.

Keyinchalik Janubiy Koreya Milliy razvedka boshqarmasi yosh qizchaning Kim Chju E ekanini aniqladi.

U haqida 2013 yilda Shimoliy Koreyaga borgan mashhur amerikalik basketbolchi Dennis Rodman aytib bergan. Kim Chen In basketbolni juda yaxshi ko‘radi va Rodmanga katta ehtirom ko‘rsatgan edi. Rodmanning aytishicha, u hatto qizni qo‘lida ko‘tarib olgan.

Chju E omma oldida chiqqanidan so‘ng, Pxenyan birinchi marta Kim Chen Inning farzandi borligini tasdiqladi. Bundan oldin Shimoliy Koreya matbuotida uning farzandlari to‘g‘risida umuman ma’lumot berilmagan edi.

Janubiy Koreya razvedkasi Kim Chen In uch nafar farzandga ega ekanini da’vo qilmoqda. Kattasi o‘g‘il bo‘lishi mumkin. Chju E - ikkinchi farzand va taxminan o‘n yoshda. Kenja farzandning jinsi va yoshi noma’lum.

Janubiy Koreyadagi Syojong institutida uzoq vaqtdan beri Kim oilasi bo‘yicha tadqiqotchi bo‘lib ishlagan Chon Son Chan so‘zlariga ko‘ra, fotosuratlar, ehtimol, koreyaliklarga Kim Chju E voris bo‘lishini ko‘rsatish uchun puxta ishlab chiqilgan dasturning bir qismi.

2016 yilda Janubiy Koreyaga qochgan Shimoliy Koreyaning sobiq diplomati va hozirda Seulda deputat bo‘lgan Te Yon Ho jurnalistlarga KXDR ma’lum bir bolani ko‘klarga ko‘tarishni boshlaganida, dunyo Kim o‘z o‘rniga o‘rinbosar tanlaganini bilishini aytgan edi. Kim Chen Inning o‘zi ham xuddi shunday tarzda hokimiyatga kelgan.

Mavzuga oid