O‘zbekiston | 10:53 / 09.01.2023
26591
3 daqiqa o‘qiladi

SSV anomal sovuq kimlarga ko‘proq xavf solishi haqida ma’lumot berdi

Vazirlik O‘zbekistonda anomal sovuq kunlari sog‘liqni asrash uchun bir necha tavsiyalar berdi.

Foto: Kun.uz

10-15 yanvar kunlari anomal sovuq bo‘lishi e’lon qilingach, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova sovuqning inson salomatligiga qanday ta’sir etishi, uning zararli oqibatlaridan saqlanish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.

Qattiq sovuqda ko‘pincha qon tomirlarining keskin torayishi kuzatiladi. Ayniqsa, gipertoniya, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, insult va infarktdan keyingi holat, stenokardiya kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga bunday noqulay ob-havo salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularni bosh va yurak sohasidagi og‘riqlar bezovta qiladi.

Shuningdek, bronx va o‘pka xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalingan bemorlarda kasallikning faol davridagi asoratlar zo‘rayadi. Ya’ni uydan ko‘chaga chiqqanda, bronxospazm yoki stenokardiyaning xuruj qilish xavfi ortadi. Shu sababli bunday insonlar shifokor tavsiyasi bilan yonida doimiy ichib yuradigan dorilarini olib yurishi shart.

Qolaversa, anomal sovuq teri va buyrak kasalligi bor bemorlarning umumiy holati yomonlashuviga ham sabab bo‘lishi mumkin. Chunki bunday sharoitda tana a’zolarining muzlab qolish ehtimoli yuqori.

Shu bois sovuq qotishning oldini olish uchun ko‘chaga chiqqanda issiq va qalin kiyimlar kiyish lozim. Bunda, qo‘lqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim. Ayniqsa, bosh va yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish talab etiladi. Sababi bo‘yindagi tomirlar inson bosh miyasini qon bilan ta’minlaydi.

Anomal sovuqda alkogol va tamaki iste’mol qilishdan voz kechgan ma’qul. Boisi bu zararli odatlar qon tomirlarini keskin toraytirib, qo‘l va oyoqning qisqa muddatda muzlashiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qattiq sovuq havo inson terisini haddan ortiq quritib yuboradi. Shu bois ko‘chaga chiqishdan avval tarkibida suv bo‘lgan dori vositalarini teriga surtmagan ma’qul. Aksincha, yog‘li kremlarni qo‘llash tavsiya etiladi.

Sovuq kunlari ertalab, albatta, nonushta qilish kerak. Och qolish tananing tez muzlashi va immunitet zaiflashishiga sabab bo‘ladi. Iste’mol qilinadigan taomlar kaloriyasi issiq kunlarga nisbatan 25-30 foizga oshirilishi maqsadga muvofiq. Bunda, issiq va suyuq ovqatlar juda foydali.

Anomal sovuq kunlari ochiq havoda kamroq bo‘lish, bolalar va keksalarning ko‘chaga chiqmasligi tavsiya etiladi.

Mavzuga oid