Prezident qarorida 10 ming boladan tashqari, onkogematologik tashxis qo‘yilgan qariyb 2300 kishida ham jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish, yana 350 kishida buyrak va jigar transplantatsiyasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Tibbiy tekshiruv va davolash xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalari va boshqa manbalardan ajratilgan mablag‘lar hisobidan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali moliyalashtirilmoqda.

“Birgina shu hujjat asosida bajariladigan ezgu ishlar 10 mingta bolani sog‘lom hayotga qaytarishi — juda katta natija. E’tiborlisi, bu imkoniyatdan foydalanuvchi bemor bolalar kambag‘al yoki ehtiyojmand oila farzandlari bo‘lishi shart emas. Ya’ni ular ijtimoiy holatidan qat’i nazar davolanadigan bo‘ldi”, – deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, joylarda og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bemorlarga bepul operatsiya vaucherlari topshirilib, ular bosqichma-bosqich tibbiyot muassasalariga joylashtirilmoqda.

Ushbu xayrli tashabbus 20 yildan buyon buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan Temur Hakimov xonadoniga ham quvonch olib kirdi.

Yelena Hakimova, bemorning onasi:

— Hozir juda qattiq hayajondaman. Chunki yetti yildan beri tinch uxlaganimiz yo‘q, juda katta qiyinchiliklarni boshdan kechirdik. Shuning uchun bu operatsiya imkoniyati bizga katta umid va quvonch berdi. Prezidentimizga oilamiz nomidan katta rahmat aytamiz.

Og‘ir xastalik nafaqat inson tanasi va ruhiyati, balki uning yaqinlarini ham sinovdan o‘tkazadi. Buyrak yetishmovchiligi sabab 7 yildan buyon gemodializ muolajasini olib kelayotgan Temur Hakimov uchun transplantatsiya amaliyoti – hayotni qaytadan boshlash imkoniyatidir. U tez yordam mashinasida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga joylashtirildi. Endilikda unga buyrak ko‘chirib o‘tkaziladi.

Poytaxtlik Nigora Ibragimova ham bir necha yildan buyon surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan og‘riyotgan murg‘ak farzandining og‘ir dardi bilan kurashib kelmoqda. Uning o‘g‘li Mustafo buyrak transplantatsiyasi uchun Bolalar milliy tibbiyot markaziga joylashtirilib, zarur muolajalar boshlab yuborildi.