Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Anomal sovuq ob-havo hafta oxirigacha saqlanib turadi
9-10 yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa qismi shimoliy hududlari ustida shakllangan juda sovuq havo massasi kirib kelishi boshlandi.
"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, bugun kunduz kuni respublika hududining katta qismida qor yog‘adi, respublika tog‘oldi va tog‘li hududlarini ba’zi joylarida kuchli bo‘ladi.
11 yanvarda faqat respublika markaziy va sharqiy hududlarida jadalligi asosan biroz kamroq bo‘lgan qor yog‘ishi saqlanib turadi.
Keyinchalik hafta oxirigacha O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
10-11 yanvar kunlari Surxondaryo viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zida esa 23-25 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Sovuq havoning kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha harorat sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘ladi.
Haftaning o‘rtasiga kelib, harorat kechalari 12-17 daraja sovuqqacha, ba’zi joylarda 20 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 5-10 daraja sovuqqacha, ba’zi joylarda 12 daraja sovuqqacha pasayadi.
Eng kuchli sovuq respublika shimolida - kechalari 20-25 daraja sovuqqacha, Ustyurtda va Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida 27-30 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 7-12 daraja sovuqqacha bo‘lishi kutilmoqda.
Ushbu haftaning oxirigacha anomal (g‘ayritabiiy) sovuq ob-havo saqlanib turadi.
O‘zbekiston bo‘yicha eng past harorat qiymatlari so‘nggi marta 2008 yil yanvar oyida kuzatilgan. Respublika hududi bo‘yicha harorat 17-22 daraja sovuqqacha, ba’zi joylarda 24-26 daraja sovuqqacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va cho‘l hududlarda 30-33 daraja sovuqqacha pasayishi qayd etilgan. O‘sha yilda Toshkentda minimal harorat 17,4 daraja sovuqni tashkil etgan.
1972, 1973, 1974 va 1977 yillarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yanada qattiq sovuqlar kuzatilgan. Shimolda va cho‘l hududlarda bu yillarda harorat 33-38 daraja sovuqqa yetgan. Toshkentda 1974 yil yanvar oyida havo harorati 18,6 daraja sovuqqacha pasayishi qayd etilgan.