Jahon | 23:57 / 11.01.2023
26443
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada «bukilmas o‘tov» o‘rnatildi, Qozog‘iston bunga daxldorligini rad etdi 

Ukrainaning Bucha shahrida «bukilmas o‘tov» o‘rnatildi, biroq bunga Qozog‘iston rasmiylarining hech qanday aloqasi yo‘q. Bu xususiy tashabbus ekani aytildi. 

Foto: Anadolu Agency

6 yanvar kuni Ukrainaning Bucha shahrida qozoqlarning «bukilmas o‘tovi» o‘rnatildi. Shahar kengashi vakillarining ta’kidlashicha, uy Qozog‘iston elchixonasi va Oliy Rada deputati Sergey Nagornyak ko‘magida ochilgan. Tadbirda katta qozonda osh damlandi va tarqatildi. Shuningdek, san’atkorlar chiqish qilishdi. 

Avvalroq, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tashabbusi bilan mamlakat bo‘ylab «bukilmas punktlar» ochilgan edi. Ular elektr energiyasi, mobil aloqa va internet bilan uzluksiz ta’minlangan bo‘lib, ukrainaliklar istalgan vaqtda punktga borib, elektr energiyasidan foydalanishi, smartfonlarni quvvatlantirishi, isinib olishi mumkin edi. Punktlar Ukraina xalqining «bukilmas irodasi» sharafiga shunday nomlandi. 

Foto: AFP

Ammo Bucha shahrida ochilgan «bukilmas o‘tov» diplomatik mojaro keltirib chiqardi. Rossiya matbuoti bu tadbirni Qozog‘iston tomonidan uyushtirilgan «aksilrossiya aksiyasi» deb yoritdi.  

Biroq, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi vakili Oybek Smadiyarov so‘zlariga ko‘ra, o‘tovning qurilishi qozog‘istonlik xususiy homiylar tomonidan moliyalashtirilgan.  

«Elchixona ishtirok etmadi, bu faqat Qozog‘iston xususiy kompaniyalarining tashabbusi», dedi u.  

Smadiyarovning qo‘shimcha qilishicha, davlat bu xususiy tashabbusni «sharhlamaydi va taqiqlay olmaydi». 

Avvalroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Moskva Ostonadan Buchada o‘tov o‘rnatishga aloqasi yo‘qligi haqida kafolat olganini ma’lum qilgandi. 

«Bizni ba’zi matbuotimizda tarqalgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va respublika rasmiylarining bunga hech qanday aloqasi yo‘qligiga ishontirishdi. Rossiya tomonidan yaqin hamkorlarga ishonmaslik uchun hech qanday sabab yo‘q», dedi u. Shu bilan birga, Zaxarova «spekulyatsiyalarga chek qo‘yish» uchun Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining ushbu mavzu bo‘yicha rasmiy izoh berishi juda ma’qul bo‘lishini ta’kidlagan edi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid