Jahon | 11:47 / 13.01.2023
2861
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina oliy adliya kengashi o‘z faoliyatini qayta tiklayapti

Yevropa Ittifoqi oliy adliya kengashining 8 nafar yangi a’zosi saylanganini olqishladi. Endilikda organ to‘liq kadrlar bilan ta’minlangan, sud-huquq islohotlarini davom ettirish mumkin.

Foto: politica.com.ua

Ukraina sudyalarining 12 yanvar, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari qurultoyi o‘z kvotasiga ko‘ra oliy adliya kengashining 8 nafar a’zosini sayladi va shu tariqa ishga qabul qilishni yakunladi – endilikda uning 15 nafar a’zosi bor, deb yozadi Reuters. Shu tariqa, ushbu organ 2022 yil 22 fevralda oliy adliya kengashining amaldagi 15 nafar a’zosidan 10 nafari o‘z xohishiga ko‘ra muddatidan oldin iste’foga chiqqan paytda to‘xtab qolgan ishni davom ettirishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi sud-huquq islohotini amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida oliy adliya kengashi faoliyatini qayta tiklashni talab qildi. «Shu tariqa, asosiy sud organlari o‘z ishini davom ettirishi mumkin. Men isloh qilingan oliy adliya kengashi qonun ustuvorligi va amalda halollikni namoyish etishini intiqlik bilan kutaman», deb yozdi Yevropa Ittifoqining Ukrainadagi vakili Matti Maasikas o‘zining Twitter'dagi sahifasida.

Oliy adliya kengashi, jumladan, sudyalarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, sudyalar ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish va turli instansiya sudlaridagi sudyalar sonini aniqlash funksiyalariga ega. Davlat tilini biladigan, oliy yuridik ma’lumotga va kamida 15 yillik kasbiy tajribaga ega bo‘lgan, shuningdek, halollik va kasbiy malaka mezonlariga javob beradigan Ukraina fuqarosi oliy adliya kengashi a’zosi bo‘lishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid