O‘zbekiston | 13:50 / 14.01.2023
15409
4 daqiqa o‘qiladi

YuNeSKO Buxoro turizm markazi uchun boshqa joy tanlashga chaqirgan

Buxoro turizm markazini qurish uchun tanlangan joy Buxoro tarixiy markazining bufer zonasida joylashgan, shu sababli YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyihani qo‘llab-quvvatlamagan. Madaniy meros agentligining hukumatga eslatishicha, bu joydagi har qanaqa loyiha agentlik va YuNeSKO bilan kelishilishi shart.

Turizm markazining taxminiy loyihasi / Foto: Bukhara News

Buxoro tarixiy markaziga yaqin hududlardagi inshootlar buzilib, o‘rniga turizm markazi qurilishi haqidagi maqola e’lon qilingach, Kun.uz ixtiyoriga Madaniy meros agentligi bo‘lim boshlig‘i A.Rasulov va Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Sh.Sharofiddinovning loyiha haqidagi ma’lumoti kelib tushdi.

Unda aytilishicha, Buxoro shahrida joylashgan Buxoro tarixiy markazi 1993 yilda YuNeSKO tomonidan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Buxoro tarixiy markazining hududi 216 gektar bo‘lib, uning muhofaza hududi esa 339 gektar (jami 555 gektar)ni tashkil etadi.

Qurilishi rejalashtirilgan turizm markazining umumiy maydoni 32,6 gektar bo‘lib, to‘liqligicha Buxoro tarixiy markazining muhofaza zonasida joylashgan. Bu hududda Milliy ro‘yxatga kiritilgan 2 ta madaniy meros obekti joylashgan. Bular – 2012 yilda qayta tiklangan “Sallohxona” darvozasi hamda 1980 yilda o‘rnatilgan Abu Ali ibn Sino byusti.

Agentlik bu 2 obektni saqlash va ularga zarar yetkazilishining oldini olish uchun quyidagilarni taklif qilgan:

  • Vazirlar Mahkamasining 30.03.2019 yildagi 265-sonli qaroriga asosan, “Sallohxona” darvozasining tashqi ko‘rinishiga hamda tarixiy qiymatiga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida uning himoya hududida, ya’ni obektdan 50 metr masofa radiusida bino-inshoot qurilishini rejalashtirmaslik;
  • hozirgi Tibbiyot instituti hududida joylashgan Abu Ali ibn Sino byusti – madaniy meros obektini investor taklifiga ko‘ra o‘z o‘rnida saqlab qolish yoki investor tomonidan taklif etilayotgan umumiy konsepsiyaga to‘g‘ri kelmagan taqdirda hukumat qaroriga muvofiq Buxoro shahar M.Iqbol ko‘chasida joylashgan Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziy kasalxonasi yoki Buxoro tibbiyot kolleji hududiga ko‘chirish;
  • Buxoro turizm markazi uchun tanlangan hududning Buxoro tarixiy markaziga tutash va yaqin bo‘lgan qismida bino-inshootlarni 2 qavat yoki 7,5 metrdan oshirmaslik tavsiya etiladi.

Shuningdek, agentlikning bildirishicha, YuNeSKOning Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish konvensiyasi talablariga ko‘ra, Buxoro tarixiy markazi va uning bufer zonasida qurilishi rejalashtirilgan har qanday yirik loyihalar YuNeSKO bilan va mahalliy qonunchilikka ko‘ra, agentlik bilan majburiy tartibda oldindan kelishilishi shart.

Mas’ul organning ko‘rsatishicha, 2022 yilning 1 oktyabrida YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sara Noshadi, sobiq turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Buxoro turizm markazi loyihasi uchun tanlangan yer maydonlarini o‘rganib chiqishgan. O‘shanda Sara Noshadi bu loyihani Buxoro tarixiy markazining muhofaza zonasidan 1,8 km uzoqlikdagi, «Gulchorbog‘» MFY Qalqon ko‘chasi yoqasidagi yer maydonida qurish maqsadga muvofiqligini taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir guruh buxoroliklar turistik majmuani Buxoro markaziy stadionining o‘rniga qurish taklifiga qarshi chiqib, prezidentga murojaat qilgandi.

Mavzuga oid