O‘zbekiston | 11:20 / 10.12.2025
1904
3 daqiqa o‘qiladi

YuNeSKO qoraqalpoq qo‘bizi san’atini zudlik bilan muhofaza etiladigan meros deb tan oldi

YuNeSKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasi qoraqalpoq qo‘bizini yasash va unda ijro etish san’atini Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritdi. Tegishli qaror Hindiston poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan qo‘mita sessiyasida bir ovozdan ma’qullandi.

“Dunyo” ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tarixiy qaror O‘zbekiston tomonidan olib borilgan maqsadli sa’y-harakatlar natijasi bo‘lib, Qoraqalpog‘istonning noyob madaniy an’anasi xalqaro darajada e’tirof etilganini anglatadi. Qo‘biz san’atining ro‘yxatga kiritilishi bilan O‘zbekistonning YuNeSKOdagi nomoddiy madaniy meros elementlari soni o‘n oltitaga yetdi.

Qo‘biz — qadimiy torli-kamonli musiqa asbobi bo‘lib, turkiy xalqlar, ayniqsa qoraqalpoq, qozoq va qirg‘izlar orasida keng tarqalgan. Qoraqalpoq qo‘bizi an’anaviy ravishda yaxlit yog‘ochdan, ko‘pincha tutdan yasaladi, otning yolidan qilingan ikkita torga ega bo‘lib, chuqur va betakror ohanglari bilan ajralib turadi.

Jirovlar — qoraqalpoq dostonchilari va shoirlari bo‘lib, qo‘biz jo‘rligida dostonlar va tarixiy rivoyatlarni ijro etadi. Jirovchilik an’anasi qoraqalpoq xalqi tarixi, falsafasi va ma’naviy qadriyatlarini avloddan-avlodga yetkazuvchi musiqiy va she’riy merosning o‘ziga xos uyg‘unligi hisoblanadi.

YuNeSKO ekspertlariga ko‘ra, qo‘biz yasovchi ustalar va sozandalar safining qisqarib borayotgani ushbu san’at elementining yo‘qolib ketish xavfini kuchaytirmoqda. Shu bois uni Zudlik bilan muhofaza ostiga olish ro‘yxatiga kiritish zarur deb topildi. Sessiya ishtirokchilari bu noyob an’anani kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash muhimligini alohida ta’kidladi.

Sessiya doirasida O‘zbekiston madaniy merosini targ‘ib qiluvchi tadbirlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, “Muqaddas merosning qayta tiklanishi: qo‘biz va qoraqalpoq jirovlarining epik an’anasi” mavzusidagi sayd-iventda taniqli jirovlar Baqbergen Sirimbetov va Davronbek Yendirbekovning jonli ijrosi, qo‘biz va jirovga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi, shuningdek, usta Marat Jaqsimuratov tomonidan qo‘bizni yasash jarayoni amaliy tarzda namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.

Juma kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda esa qoraqalpoq, qozoq va qirg‘iz o‘tovlarini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritish masalasi ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Bu Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy madaniy merosini saqlash va rivojlantirishda yana bir muhim qadam bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid