O‘zbekiston | 08:55 / 15.01.2023
22703
4 daqiqa o‘qiladi

Hozirgi harorat O‘zbekiston tarixidagi eng kuchli sovuq emas - «O‘zgidromet»

«O‘zgidromet» mamlakat gidrometeorologik kuzatuvlar tarixidagi sovuq qish mavsumlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

Meteorologik kuzatuvlar tarixida O‘zbekistonda ko‘plab sovuq qishlar bo‘lgan. Jumladan, 1968—1969 yillar qishi eng sovuq kelgan. Ushbu qish mavsumida respublikaning ko‘plab hududlarida minimal havo haroratining mutlaq rekordlari qayd etilgan edi.

O‘zbekistonning shimoliy hududlarida meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng past havo haroratlari 1972 va 1977 yillarda kuzatilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimolida ushbu yillarda havo harorati -33 dan -36 darajagacha va Ustyurt platosida -38 dan -40 darajagacha sovuq kuzatilgan.

So‘nggi 50 yil ichida eng uzun va sovuq qish mavsumi 2007—2008 yillarda qayd etilgan bo‘lib, sovuq davr dekabr oxiridan fevral oyining o‘rtalariga qadar davom yetgan. Respublika hududi bo‘yicha harorat -17 dan -22 darajagacha sovuq, ba’zi joylarda -24 dan -26 darajagacha sovuq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va cho‘l hududlarida -30 dan -33 darajagacha havo pasaygan.

Toshkent shahrida 1969 yil qishda termometr ustuni -23,1 darajagacha sovuq tushgan bo‘lsa, minimal havo haroratining mutlaq rekordi 1930 yil dekabr oyida -29,5 daraja sovuqni tashkil etgan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda, tekislik hududlarda barqaror qor qoplamining shakllanishiga imkon beradigan kuchli qor yog‘ishi kam uchraydi. Natijada iqlimning keskin o‘zgarishi (birdan sovib ketishi va uning ortidan isib ketishi) qor tushganda hosil bo‘ladigan qor qoplamining uzoq vaqt davomida yer yuzasidan turmasligi va bir necha kun ichida erib ketishiga olib keladi.

Biroq 1969, 1972, 1974, 1982, 1984, 2006 va 2008 yillarda qish faslining sovuq kelishi bilan birga qor yog‘ish davomiyligining ortishi kuzatilgan. Oqibatda ushbu yillarda tekislik hududlarda past haroratning uzoq muddat saqlanib qolishi qorning to‘liq erishiga imkon bermasdan qor qoplami to‘planishiga sabab bo‘lgan. Jumladan, respublikaning shimoliy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati) va janubiy, janubiy-g‘arbiy (Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlari) hududlarida qor qoplamining balandligi 15-25 santimetrni, markaziy (Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari) va sharqiy (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari) hududlarda 30—65 santimetrni tashkil etgan.

Respublikaning tog‘li hududlarida qorning maksimal balandligi 140—180 santimetrga yetgan.

Toshkentda qor qoplamining maksimal balandligi 1969 yil kuzatilgan 54 santimetr joriy yil yanvarda qor balandligi 26 santimetrni tashkil etgan.

«Bugungi kunda mamlakatda davom etayotgan sovuq kunlar gidrometeorologik kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli sovuq emasligini qayd etib o‘tamiz. Joriy yilning 12 yanvardan 13 yanvarga o‘tar kechasi kuzatilgan sovuq harorat yurtimizga antitsiklon ta’sirida kirib kelgan sovuq havo oqimlarining eng yuqori nuqtasi edi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, antitsiklon markazi 13 yanvardan Qozog‘istonning janubiy viloyatlari orqali sharqqa tomon siljimoqda, biroq uning periferiyasi ta’sirida bo‘‌lgan O‘zbekiston hududida sovuqlar kuchsizlangan holda kelasi haftaga qadar saqlanib qoladi.

Mavzuga oid