Jahon | 12:11 / 18.01.2023
10903
3 daqiqa o‘qiladi

Shoygu Rossiya qurolli kuchlarining keng ko‘lamli islohoti haqida e’lon qildi

Rossiya mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat xavfsizligini faqat armiyadagi tarkibiy islohotlar orqali ta’minlash mumkin. Ukrainaning annexia qilingan hududlarida o‘zini-o‘zi ta’minlovchi qo‘shinlar guruhlari tuziladi.

Foto: mil.ru

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinning qo‘shinlar sonini 1,15 milliondan 1,5 million kishiga oshirish haqidagi buyrug‘ini bajarish maqsadida qurolli kuchlarda katta islohotlar o‘tkazilishini ma’lum qildi. «Faqat Qurolli kuchlarning asosiy tarkibiy qismlarini kuchaytirish orqali davlatning harbiy xavfsizligini ta’minlash, Rossiyaning yangi sub’yektlari va muhim obektlarini himoya qilish mumkin», dedi Shoygu 17 yanvar, seshanba kuni o‘z o‘rinbosarlari, harbiy qo‘mondonlar bilan uchrashuvda. 

Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, qurolli kuchlarning ikkita yangi o‘ziga xos strategik hududiy birlashmalari – Moskva va Leningrad harbiy okruglarini tashkil etishga qaror qilingan. Ukrainaning annexia qilingan hududlarida «o‘zini-o‘zi ta’minlovchi qo‘shinlar guruhlari»ni shakllantirish ham ko‘zda tutilgan.

Vazirning aniqlik kiritishicha, «Kareliyada armiya korpusini, quruqlikdagi qo‘shinlar tarkibida uchta motoo‘qchilar diviziyasini va havo-desant qo‘shinlarida ikkita desant diviziyasini shakllantirish, G‘arbiy, Markaziy, Sharqiy harbiy okruglarda va Shimoliy flotda yettita motoo‘qchilar diviziyasini qayta tashkil etish zarur». Harbiy-dengiz floti, Aerokosmik kuchlar va Strategik raketa kuchlarining jangovar tarkibi kuchaytiriladi.

Sergey Shoyguning aytishicha, 2023-2026 yillar davomida qurolli kuchlar tarkibida keng ko‘lamli o‘zgarishlar, ularning sonini ko‘paytirish va Rossiya harbiy-ma’muriy bo‘linishini o‘zgartirish amalga oshiriladi. Shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘shinlar yollanishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Qurolli kuchlari soni oshirilishini G‘arb Moskvaga qarshi olib borayotgan «proksi-urush» bilan izohladi. Mutaxassislar Rossiyaning harakatlarini Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishi rejalashtirilganiga javob sifatida baholamoqda.

Rossiya armiyasining islohoti Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida amalga oshirilmoqda, Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, unda allaqachon deyarli 117 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgan. Ukraina Mudofaa vazirligi Ukraina Qurolli kuchlarining yo‘qotishlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmayapti. Rossiya Mudofaa vazirligi kuzda 6000 rossiyalik askar halok bo‘lganini tasdiqladi. Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak dekabr oyi oxirida urush boshlanganidan beri 10 mingdan 13 minggacha ukrainalik askar halok bo‘lganini aytdi.

Mavzuga oid