Jahon | 23:23 / 18.01.2023
25199
2 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg Ukrainadagi urushda «burilish nuqtasi» yuz berganini e’lon qildi

NATO rahbari Kiyevga qurol yetkazib berishni ko‘paytirishga chaqirdi. 

Foto: REUTERS/Arnd Wiegmann

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning aytishicha, Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida Ukrainaga og‘ir tanklar va qurol-yarog‘lar yuborish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga tanklardan tashqari havo hujumidan mudofaa tizimlari, ehtiyot qismlar, o‘q-dorilar kerak, shuningdek, yetkazilgan qurollarga texnik xizmat ko‘rsatish zarur. 

Yyens Stoltenbergning aytishicha, hozir urush hududida «burilish nuqtasi» kuzatilmoqda. Shu sababli u Ukrainaga harbiy ta’minotni sezilarli darajada oshirish kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish istiqbollari Kiyevga qurol yetkazib berilishiga bog‘liq. 

«Agar biz ertaga mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni istasak, bugun ko‘proq qurol yetkazib berishimiz kerak», dedi Yyens Stoltenberg. 

Shuningdek, 18 yanvar kuni NATO Harbiy qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda NATO bosh kotibi o‘rinbosari Mircha Joane alyans mamlakatlari Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashga tayyorlanishi va Kiyevga yetkazib berish uchun qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirishi kerakligini aytdi. Bundan tashqari, janob Joane sharqiy qanotdagi NATO jangovar guruhlari sonining ko‘payishini e’lon qildi. 

2023 yil yanvardan boshlab Ukrainaning harbiy ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat o‘zgardi. 15 yanvar kuni Buyuk Britaniya Ukrainaga Challenger 2 og‘ir tanklarining birinchi partiyasini jo‘natishini e’lon qildi. Shuningdek, Polsha, Finlandiya va Daniya ham Ukraina Qurolli Kuchlariga Leopard og‘ir tanklarini topshirishga tayyorligini e’lon qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid