Jamiyat | 15:42 / 19.01.2023
73327
8 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: Ilk bor o‘zbek shifokorlari siam egizaklarini ajratib oldi

Umumiy vazni 1600 grammni tashkil etgan bu egizaklar o‘tgan yili Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilgan. Ularning ota-onasi opa-singillarning farzandlari bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot tarixida ilk bor o‘zbek shifokorlari tomonidan siam egizaklari o‘ta noyob operatsiya natijasida ajratib olingani haqida xabar berdi.

«Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markazi yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda murakkab amaliyotlar o‘tkazish borasida noyob muassasadir.

Buni qo‘shni davlatlardan kelayotgan bemorlar oqimidan ham bilish mumkin.

O‘zbekistonlik yaqinlaridan ushbu shifoxona haqida eshitgan qirg‘izistonlik egizaklarning ota-onasi bu yerga o‘tgan yil iyun oyida murojaat qilgan», deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 31 mayda dunyoga kelgan chaqaloqlar siam egizaklari bo‘lib, ulardagi bu noodatiy holat homila 28 haftaligida aniqlangan va bo‘lajak ona O‘sh shahridan Bishkek shahriga yuborilgan. 29-haftada tug‘uruq jarayoni «kesarcha» usulida amalga oshirilgan. Dunyoga kelganida umumiy vazni 1 600 gramm bo‘lgan chaqaloqlarga Fotima va Zuhra deb ism qo‘yishgan.

Qanday holatlarda siam egizaklari dunyoga kelishi mumkin?

Siam egizaklari tanasining ma’lum bir qismi birlashgan holda tug‘iladi. Ularning ichki organlari ham birlashgan bo‘lishi mumkin. Tanasi tutash chaqaloqlarni vaqti kelib jarrohlik yo‘li bilan ajratish mumkin, biroq umumiy ichki a’zolarga ega egizaklarni tanasidan ajratish deyarli imkonsiz.

Odatda, siam egizaklari 200 ming holatda bir marta uchrashi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning aksariyati o‘lik holatda dunyoga keladi. Tirik tug‘ilganlarining 5 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan qismi uzoq umr ko‘rish baxtidan benasib bo‘ladi.

Jajji Fotima va Zuhra tanasining qorin qismi, aniqrog‘i, jigari bilan birlashgan edi. Bitta ichki a’zolarga ega egizaklarni ajratish esa o‘ta murakkab va xavfli operatsiya edi. Ular yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, ya’ni opa-singillarning farzandlaridan dunyoga kelgan.

Tug‘uruqdan 10 kun o‘tgach, ota-onaga bolalarning yashab qolish imkoni umuman yo‘qligi aytilib, uyiga ruxsat berilgan. Ammo farzandlarining yashab ketishidan umid uzmagan ota-ona oradan bir oy o‘tgach, O‘zbekistondagi Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazi rahbari Baxtiyor Ergashevga telefon orqali murojaat qilishadi.

Bemorlar holatidan xabardor bo‘lgan tajribali neonatal xirurg, professor B. Ergashev ularni yanada chuqur tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish zarurligini aytadi. Ammo O‘sh shahrida buning imkoni bo‘lmaydi. Shunga qaramay, tajribali mutaxassis egizaklarni har oy onlayn tarzda tibbiy nazorat qilib boradi. Nihoyat oktyabr oyida go‘daklar Respublika perinatal markazining Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markaziga olib kelinadi. Bu paytda ular 5 oylik bo‘lib qolgan edi.

O‘zbekistonda siam egizaklari avval ham operatsiya qilinganmi?

Shu paytgacha O‘zbekistonda bu turdagi amaliyot faqat bir marta Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilgan. Unda ham operatsiya chet eldan chaqirilgan mutaxassis boshchiligida va bevosita ishtirokida kechgan.

«Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markazida o‘tkazilgan ushbu o‘ta murakkab amaliyot esa to‘liq o‘zbek shifokorlari tomonidan amalga oshirildi. Bu operatsiyani mamlakatimizning eng tajribali xirurglari yordamisiz amalga oshirib bo‘lmas edi. Bizga ustozlarimiz — Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori, professor Habibullo Oqilov va ToshPTI bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri, professor Nasriddin Ergashev yaqindan yordam berdi.

Ammo amaliyot darajasi, kritik omillarni hammamiz sezib turardik. Bir necha oy davomida turli adabiyotlarni o‘qib-o‘rganib, xalqaro darajada o‘tkazilgan amaliyotlarning videotasvirlarini tahlil qilib, barcha mas’uliyatni zimmamizga olgan holda ishga kirishishga ahd qildik.

Vaziyatni bolalarning ota-onasiga tushuntirdik. Ularga agar istashsa, boshqa davlatga olib borishlari mumkinligini ham ma’lum qildik. Lekin ota-ona avvalgi amaliyotlarimiz bilan yaxshi tanishib chiqishgani, bizga to‘liq ishonishlarini bildirdi. Bu ishonch ham bizga kuch bag‘ishladi», deydi tibbiyot fanlari doktori, professor B. Ergashev.

Operatsiya kuni

O‘tgan yilning 16 dekabr kuniga qadar Respublika perinatal markazi jamoasi o‘zaro maslahatlashdi. Egizaklar to‘liq konsilium qilindi. Muassasadagi barcha yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar tekshiruvdan o‘tkazildi. Eksperiment tariqasida sinov amaliyotlari o‘tkazilib, tibbiy jamoa ham, texnologiyalar ham shay holatga keltirildi. Shundan so‘ng 19 dekabr kuni operatsiya belgilandi.

Amaliyotni ustozlar roziligi bilan professor Baxtiyor Ergashev boshlab berdi.

«Amaliyot 3 soat davom etdi. Bolalar bir-biri bilan jigar orqali birlashgani o‘z isbotini topdi. Bolalarni ajratganda jigardan va boshqa qon tomirlardan qon ketishining oldini olish maqsadida ultratovush va argon skalpeli, shuningdek, Bloodstop deb atalgan zamonaviy gemostatik materialdan foydalandik. Natijada minimal darajada qon ketishi bilan bolalar ajratib olindi», — deydi B.Ergashev.

Bemorlarning o‘t pufaklari alohida-alohida shakllangan edi. Bu esa ikki tana ajratilganida, bu a’zolar o‘z vazifasini bekamu ko‘st bajarishini ta’minlar edi.

Shunday qilib, egizaklar muvaffaqiyatli ajratib olindi. Operatsiyaning keyingi bosqichida tibbiy jamoa ikki guruhga bo‘linib, ish olib borishi kerak edi.

Tibbiy jamoa

Siam egizaklari bir-biridan ajratilgach, Fotimaxonni Baxtiyor Ergashev, Nasriddin Ergashev va Nurbek Egamnazarov, Zuhraxonni esa Habibullo Oqilov, Javlon Muxtorov va Abdujamil Abdug‘aniyevdan iborat neonatal xirurglar jamoasi operatsiya qildi.

Ularga Resbpublika perinatal markazining neonatolog, reanimatolog va anesteziologlari U.Azimova, M.Shovazova, A.Qurbonova, F.Jo‘rayeva, D.Xaliqulova, M.Miryunusova, shuningdek, malakali operatsiya va tibbiy hamshiralar guruhi yaqindan yordam berdi.

Natija

Ushbu amaliyotlar xirurglar tili bilan aytganda «silliq» o‘tdi.

Operatsiya xonasiga bir vujud sifatida olib kirilgan chaqaloqlar ikki mustaqil organizm sifatida olib chiqildi. O‘ta murakkab amaliyotni boshdan o‘tkazishgani va nimjonligi ularning tiklanish jarayonini sekinlashtirdi. Ayniqsa, Zuhraxonning buyraklari me’yordan ancha kichik ekani shu yerda o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Uning salomatligini tiklashda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining bolalar bo‘limi mutaxassislari ham katta hissa qo‘shdi.

«Mutaxassislar endilikda «siam egizagi» deb atalmayotgan ushbu bolajonlarning ahvolini barqaror deb baholamoqda. Yaqin kunlarda chaqaloqlarni yashash joyiga chiqarishga umid qilinyapti. Bu natijaga erishishda bir yoqadan bosh chiqarib ishlagan xirurglar, umuman, professional darajada ish olib borgan katta jamoa asosiy rol o‘ynadi.

Ular o‘z mahorati, bilimi, tajribasi va jur’ati bilan o‘zbek tibbiyoti solnomasiga yana bir ulkan voqeani yozib qo‘yishdi», deyiladi vazirlik xabarida.

Operatsiyada ishtirok etgan mutaxassislar Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tomonidan «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid