Jahon | 20:12 / 19.01.2023
77951
4 daqiqa o‘qiladi

«Putin tirikmi va kim qaror qabul qilyapti, tushunmayapman» - Zelenskiy

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyada kim bilan muzokara olib borishni tushunmasligini va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tirik ekanligiga ishonchi komil emasligini aytdi.

Foto: Gian Ehrenzeller/KEYSTONE/picture alliance

Volodimir Zelenskiy bu haqda Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida o‘tkazilgan «Ukraina nonushtasi»da videoaloqa orqali so‘zladi. Tadbir Viktor Pinchuk fondi tomonidan translatsiya qilindi. 

«Bugun men kim bilan va nima haqida gaplashishni tushunmayapman. Ba’zida xromakeyda paydo bo‘ladigan Rossiya prezidenti haqiqatan ham o‘zi ekaniga ishonchim komil emas. Men uning tirikligini, u qaror qabul qiladimi yoki u yerda kim qaror qabul qiladi, tushunmayapman. Bunday odamlar doirasiga kimlar kiradi? Menda bunday ma’lumot yo‘q», dedi Zelenskiy. 

«Qanday qilib yevropalik yetakchilarga bir narsani va’da qilib, ertasi kuni davlatga keng ko‘lamli bosqinni boshlash mumkinligini tushunmayapman. Men kim bilan ishlayotganimizni tushunmayapman. «Tinchlik muzokaralari» deyilganda kim bilan muzokara yuritilishini bilmayapman... Nazarimda, Rossiya avvaliga «kimnidir» topib, keyin «nimanidir» taklif qilishi kerak», deb qo‘shimcha qildi u. 

Rossiya bilan muzokaralar haqidagi savolga javob berar ekan, Zelenskiy, shuningdek, o‘z prezidentligi davrida Ukraina tomoni o‘z yerlarini diplomatiya yordamida ozod qilish uchun hamma narsani qilganini va doimiy ravishda muzokaralar olib borishni taklif etganini ta’kidladi. «Ammo kimdir istamadi, keyin kimningdir vaqti yo‘q edi, kimdir ishonmadi va kimdir shart qo‘ydi», dedi Ukraina rahbari. 

Kreml Zelenskiy so‘zlarini izohlar ekan, Rossiya va Putin Ukraina va uning rahbari uchun katta muammo ekanini aytdi. 

«Psixologik jihatdan Zelenskiy na Rossiya, na Putin mavjud bo‘lishini afzal ko‘radi. Ammo u Rossiya ham, Putin ham borligini va har doim bo‘lishini, ertami-kechmi ular aksilrossiya harakatlaridan voz kechishi kerakligini qanchalik tez anglasa, Ukrainadek davlat uchun shunchalik yaxshi», dedi Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina «Rossiya talablarini inobatga olishga tayyorligini qanchalik tez ko‘rsatsa», «Kiyev rejimi uyushtirgan fojiadan keyin ukrain xalqi shunchalik tezroq tuzalib ketadi». 

Rossiya hukumati vakillari Ukraina bilan tinchlik muzokaralariga tayyor ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. Ularga ko‘ra, aynan Kiyev pozitsiyasi tufayli muloqot bo‘lmayapti. Shu bilan birga, muzokaralar faqat Rossiya Federatsiyasi shartlari asosida olib borilishi mumkinligi qayd etilmoqda. Boshqa narsalar qatorida, Moskva fikriga ko‘ra, muzokaralarda annexia qilingan Ukraina hududlarini qaytarish masalasi muhokama qilinmasligi kerak. Ukraina, o‘z navbatida, Rossiyaning amaldagi prezidenti ultimatumiga va u bilan muzokaralarga tayyor emasligini ma’lum qilyapti. 

Mavzuga oid