Jahon | 11:19 / 20.01.2023
9239
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaning yangi mudofaa vaziri Ukrainaga yordam haqida va’da berdi

Boris Pistorius Germaniya Kiyevga yordam berishda ittifoqchilar bilan yelkama-yelka turishini ta’kidladi. AQSh mudofaa vaziri Ostin Berlinga Ukraina mudofaa kuchlariga yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.

Boris Pistorius / Foto: AP

Germaniyaning yangi mudofaa vaziri Boris Pistorius Germaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqlab, Berlin o‘z ittifoqchilari bilan yelkama-yelka turishini ta’kidladi. «Biz hamkorlarimiz bilan birgalikda Ukrainani erkinlik, hududiy mustaqillik va suverenitet uchun kurashida qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», — dedi u 19 yanvar, payshanba kuni Berlinda amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan uchrashuv oldidan. Undan biroz oldin Pistorius Germaniya mudofaa vaziri sifatida qasamyod keltirdi.

Ostin o‘z navbatida Germaniyaga Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatgani uchun minnatdorchilik bildirdi. «Germaniya bizning eng muhim hamkorlarimizdan biri bo‘lib qolmoqda. Germaniya hukumatiga Ukraina mudofaasini mustahkamlash uchun qilgan barcha ishlari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman», dedi u Kiyevga Leopard 2 jangovar tanklarini yetkazib berish haqidagi bahsli masalaga to‘xtalmasdan.

Germaniya ayni damda Polsha va boshqa ittifoqchilar tomonidan kuchli bosim ostida, ular uni Germaniyada ishlab chiqarilgan Leopard tanklarini Ukrainaga yetkazib berishga rozi bo‘lishga undamoqda. Varshava hatto Berlinning roziligisiz Leopard'ni Kiyevga o‘tkazishga tayyorligini ochiq ko‘rsatdi. Germaniya hozircha ittifoqchilar, jumladan, AQSh ham xuddi shunday qilsagina, Ukrainaga tanklar berishga rozi bo‘lishini aytgan.

20 yanvar kuni Ramshtaynda G‘arb ittifoqchilarining Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha navbatdagi konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Kiyevga yana bir necha milliard dollarlik qurol paketi ajratilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ekspertlarning qayd etishicha, agar ittifoqchilar Kiyevga zamonaviy jangovar tanklarni topshirish bo‘yicha kelishmasa, bu uchrashuv muvaffaqiyatsiz deb hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid