Jahon | 08:35 / 20.01.2023
12021
3 daqiqa o‘qiladi

Mishel: Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi masalasi hal bo‘ldi

Yevropa kengashi rahbari Kiyevdagi Oliy radada so‘zlagan nutqida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini «Yevropa Ittifoqi poydevoriga hujum» deb atadi.

Sharl Mishel va Volodimir Zelenskiy / Foto: president.gov.ua

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Ukraina Oliy radasidagi nutqida «Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi masalasi hal bo‘lganini» aytdi. «Ukraina bu - Yevropa Ittifoqi, Yevropa Ittifoqi esa bu - Ukraina. Bu va’dani imkon qadar tezroq amalga oshirish uchun barcha sa’y-harakatni qilishimiz kerak», - dedi u. Mishelning nutqi 19 yanvar, payshanba kuni Yevropa kengashi veb-saytida e’lon qilindi.

Mishel o‘z nutqida Rossiya Ukrainaga hujum qilishga qaror qilganini, chunki uning aholisi «erkin ukrainaliklar sifatida o‘z huquqlaridan foydalangani, demokratiya va Yevropani tanlagani»ni ta’kidladi. «Shunday qilib, Ukrainaga raketalarni uchirish orqali Rossiya Yevropa Ittifoqi ishonadigan hamma narsaga raketalarni uchirdi, u ittifoqning poydevoriga – Ikkinchi jahon urushi fojiasidan keyin biz tuzgan ittifoqqa hujum qilmoqda», dedi u Ukrainaga qilingan hujumni «umumiy Yevropa qadriyatlariga, Yevropa xavfsizligiga, umumiy Yevropa orzusiga hujum», deb atab.

«Ukraina taqdiridan ko‘ra ko‘proq narsa xavf ostida ekanligini» anglagan YeI darhol Ukrainaga YeIga nomzod maqomini berdi, deb esladi Mishel. «Bir kun kelib, umid qilamanki, ukrainalik mening Yevropa kengashi raisi yoki Yevroparlament prezidenti yoki Yevropa komissiyasi raisi lavozimini egallashini orzu qilaman. Ammo hozir biz sizning davlatingiz kurash shaklini saqlab qolishi uchun yordam berishni qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi u.

Mishel, shuningdek, Ukrainaga Yevropa Ittifoqi tomonidan berilgan harbiy, gumanitar va moliyaviy yordamning butun hajmi va Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni sanab o‘tdi. «Hozirgacha Yevropa tinchlik jamg‘armasi va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar orqali jami 11 milliard yevro miqdoridagi harbiy yordamni safarbar qildik. Bundan tashqari, harbiy tayyorgarlik missiyamiz orqali 15 ming askarni tayyorlamoqdamiz», dedi u.

«Kelgusi haftalar va oylar hal qiluvchi bo‘ladi. Sizga ko‘proq narsa kerak. Ko‘proq havo hujumidan mudofaa tizimlari, ko‘proq uzoq masofali raketalar va o‘q-dorilar, birinchi navbatda, tanklar. Hozir kerak», - dedi Yevropa kengashi rahbari va «barcha qo‘llab-quvvatlash sohalarini» bo‘lajak Ukraina-Yevropa Ittifoqi sammitida muhokama qilishga va’da berdi.

«Mustaqil va xavfsiz Ukrainasiz mustaqil va xavfsiz Yevropa bo‘lishi mumkin emas. Erkin Ukrainasiz erkin Yevropa bo‘lishi mumkin emas. Bizning kelajagimiz bir-biriga bog‘langan», deb yakunladi Mishel o‘z nutqini.

Mavzuga oid