08:17 / 22.01.2023
32153

Foto: Termiz aeroportiga favqulodda qo‘ngan samolyot yo‘lovchilariga osh tarqatildi

Foto: Uzbekistan Airports axborot xizmati

Uzbekistan Airports Rossiyadan Goaga uchayotgan samolyot portlash xavfi tufayli Termizga yo‘naltirilishi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Rossiyaning Azur Air aviakompaniyasining AZV2463 reysi bilan Perm—Goa yo‘nalishida parvoz qilayotgan, bortida 231 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot soat 03:58 da Termiz xalqaro aeroportiga qo‘ngan.

Tegishli tekshiruvlardan so‘ng yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari aeroport terminaliga taklif qilindi. Aeroport xodimlari favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan bort yo‘lovchilari uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga harakat qilgan.

«Bugun erta tongda ta’tilga uchayotgan ikki yuzdan ortiq yo‘lovchilar aeroportimizga qo‘nishga majbur bo‘lishdi. Ular charchagan, barchaning kayfiyati tushib ketgan. Biz qandaydir tarzda yo‘lovchilarning ko‘nglini ko‘tarishga, dalda berishga, qo‘llab-quvvatlashga harakat qildik.

Tushlikka esa palov tayyorladik. Bugun bir yo‘lovchining tug‘ilgan kuni ekan. Bu kunni yaxshilik bilan eslash kerak degan qarorga keldik va kichik esdalik sovg‘asini topshirdik, barchamiz ushbu yo‘lovchini bir ovozdan tabrikladik. Vaziyatni oz bo‘lsa-da yumshatishga muvaffaq bo‘lganimizdan xursandmiz», dedi Termiz aeroporti direktori Shuhrat Qobilov.

Azur Air aviakompaniyasining O‘zbekistonga yo‘naltirilgan samolyoti Termiz xalqaro aeroporti xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilgan, uning bortida xavfli moddalar va portlovchi qurilmalar aniqlanmagan.

Top