Sport | 10:38 / 26.01.2023
30034
2 daqiqa o‘qiladi

Qozonga UYeFA Superkubogi o‘yinini o‘tkazish taqiqlandi

UYeFA Chempionlar ligasi va Yevropa ligasi g‘oliblari Superkubok uchun avval rejalashtirilganidek Qozonda emas, balki 16 avgust kuni Afinada bahs olib borishadi.

Foto: Sportbox

Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA) Superkubok o‘yini o‘tkaziladigan joyni Qozondan Afinaga ko‘chirdi. Bu qaror 25 yanvar, chorshanba kuni UYeFA Ijroiya qo‘mitasining video-aloqa orqali o‘tkazilgan yig‘ilishida qabul qilindi.

Yevropa futbol tashkiloti sayti xabariga ko‘ra, 16 avgust kuni Afina chekkasidagi Pireyda joylashgan Georgios Karaiskakis stadionida UYeFA Chempionlar ligasi va Yevropa ligasi g‘oliblari o‘rtasidagi o‘yin bo‘lib o‘tadi. Hozirgi kunda «Olimpiakos» ushbu stadionda o‘ynaydi.

Qozon 2020 yil 2 mart kuni Amsterdamda bo‘lib o‘tgan UYeFA Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishidan keyin UYeFA Superkubogi uchun o‘yinni o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Rossiyada hech qachon UYeFA Superkubogi uchrashuvi o‘tkazilmagan.

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng, UYeFA Rossiya klublari va Rossiya milliy jamoalarini - erkaklar va ayollar - uning shafeligida o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etishini noma’lum muddatga to‘xtatdi. Bundan tashqari, Sankt-Peterburg 2022 yil 28 may kuni UYeFA Chempionlar ligasi finaliga mezbonlik huquqidan mahrum bo‘ldi. O‘yin Parij chekkasidagi Sen-Deni shahrida joylashgan «Stad de Frans» stadionida bo‘lib o‘tdi.

Rossiya jamoalariga xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat bermaslik haqidagi qaror 2022 yil fevral oyi oxirida Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tomonidan qabul qilingan edi.

Mavzuga oid