Jahon | 12:44 / 26.01.2023
4482
3 daqiqa o‘qiladi

Shols: Germaniya Kiyevga 14 ta Leopard 2 A6 tankini beradi

Birinchi bosqichda Germaniya Kiyevga Bundesver zaxirasidan 14 ta Leopard 2 A6 tankidan iborat rotani beradi. Berlin, shuningdek, boshqa mamlakatlarga UQKga jangovar tanklarni reeksport qilish imkonini yaratadi.

Foto: Philipp Schulze / DPA

Germaniya federal kansleri Olaf Shols Ukrainaga Leopard jangovar tanklarini yetkazib berish niyatini rasman tasdiqladi. Bu haqda u 25 yanvar, chorshanba kuni Berlinda Bundestagda so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. Birinchi bosqichda Germaniya Kiyevga Bundesver zaxirasidan 14 ta Leopard 2 A6 tankidan iborat rotani beradi. Berlin, shuningdek, boshqa mamlakatlarga tanklarni Ukraina Qurolli kuchlariga reeksport qilishiga ruxsat beradi. Vazifa zudlik bilan Ukraina uchun ikkita tank batalonini yig‘ishdir, dedi Shols. Bundesverning tank batalonining tarkibi odatda 44 ta tankni o‘z ichiga oladi. Shu tariqa, gap Ukrainaga yevropalik sheriklar tomonidan Leopard 2 tipidagi 90 ga yaqin jangovar transport mashinalarni yetkazib berish haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina ekipajlarini tayyorlash imkon qadar tezroq Germaniyada boshlanishi kerak. Yangi yordam paketi logistika, o‘q-dorilar va tizimlarga texnik xizmat ko‘rsatishni ham o‘z ichiga oladi.

Bu qadam Germaniyaning eng yaqin yevropalik va xalqaro hamkorlari bilan olib borilgan intensiv maslahatlashuvlar natijasidir, dedi kansler. «Ushbu qaror Ukrainani qo‘limizdan kelgancha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bizning pozitsiyamizga to‘g‘ri keladi. Biz xalqaro miqyosda yaqin muvofiqlashtirish va hamjihatlikda harakat qilmoqdamiz», - deyiladi hukumat bayonotida.

Birinchi marta Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal 2022 yil 4 sentabrda Berlinga jangovar tanklarni yetkazib berish bo‘yicha so‘rov bilan murojaat qilgandi. Biroq, Shols bu so‘rovni rad etdi. Rasmiy Berlin o‘zining vazmin pozitsiyasini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining avj olishi tahdidi va Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish masalasida xalqaro muvofiqlashtirish zarurligi bilan izohladi. Kansler Shols Ukrainaga ushbu turdagi qurollarni taqdim etishda ikkilangani uchun, jumladan, Germaniyadagi hukmron koalitsiyadagi safdoshlari tomonidan bir necha bor tanqid qilindi.

Kanslerning ehtiyotkor pozitsiyasida nemis saylovchilarining kayfiyati muhim rol o‘ynadi. ARD-Deutschlandtrend dasturida Ukrainaga nemis qurollari yetkazib berilishi bo‘yicha jamoatchilik fikri natijalarini taqdim etuvchi infratest-dimap Jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti so‘nggi so‘roviga ko‘ra, tadqiqot ishtirokchilarining 46 foizi jangovar tanklar yetkazib berish tarafdori, 43 foizi qarshi chiqdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid