Jahon | 10:42 / 27.01.2023
4465
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada falastinlik poyezddagi ommaviy hujum va qotillikda ayblanyapti

33 yoshli fuqaroligi bo‘lmagan falastinlik sud qarori bilan tergov hibsxonasiga joylashtirildi. Bir kun oldin u Kildan Hamburgga ketayotgan poyezdda ikki kishini pichoqlab, yana besh kishini yaralagan edi.

Foto: Jonas Walzberg/dpa/picture alliance

Shlezvig-Golshteyn federal hududida poyezd yo‘lovchilariga pichoq bilan hujum uyushtirganidan so‘ng, jinoyatchi 26 yanvar, payshanba kuni qo‘lga olindi va himoyasiz holatdagi odamlarni o‘ldirishda ayblanib, tergov izolyatoriga joylashtirildi. U to‘rtta modda bo‘yicha qotillikda ayblanyapti, deb xabar berdi Itsexo shahridagi prokuratura vakili.

33 yoshli fuqaroligi bo‘lmagan falastinlik bir kun avval Kildan Hamburgga ketayotgan mintaqaviy poyezd yo‘lovchilariga pichoq bilan hujum qildi. Natijada bir-birini tanigan 17 yoshli qiz va 19 yoshli yigit halok bo‘lgan. Bundan tashqari, ikki kishi hayotiga xavf tug‘diruvchi tan jarohati oldi, yana uch kishi og‘ir tan jarohati oldi. Yo‘lovchilar gumondorni o‘zlari zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lishdi, poyezd Brokshtedt shahridagi vokzalga yetib kelganida politsiya uni qo‘lga oldi.

Ushbu hodisaga nima sabab bo‘lgani noma’lumligicha qolmoqda. Shu bilan birga, prokuratura vakili buni terrorizm bilan bog‘lash uchun asos yo‘qligini ta’kidladi. Hozir hibsga olingan falastinlik Ibrohim A. Germaniyaga 2014 yilda kelgani xabar qilingan. 2015 yildan beri u Shimoliy Reyn-Vestfaliya va Hamburg politsiyasi tomonidan bir necha bor qo‘lga olingan, shu jumladan zo‘ravonlik jinoyatlari uchun. Bundan oldin Ibrohim A. Hamburg tergov izolyatoridan 19 yanvar kuni ozod etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid