Jahon | 23:36 / 01.02.2023
27743
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyoning eng boy odamlari ro‘yxatida peshqadam o‘zgardi 

Hindistonlik Gautam Adani yetakchilikni boy berdi. 

Gautam Adani / Foto: Reuters

Hindistonlik milliarder Gautam Adani endi Osiyoning eng boy odami emas. «Korporativ firibgarlikda» ayblanganidan so‘ng, bir hafta ichida uning boyligi 50 milliard dollarga kamaydi. Bu haqda Forbes xabar berdi. 

Adani Group kompaniyasi aksiyalari narxi pasayib ketishi ortidan Gautam Adani boyligi 76,8 milliard dollarga tushib qoldi. Hozir u Osiyoning eng boy odamlari ro‘yxatida ikkinchi, dunyoning eng boy odamlari ichida 14-o‘rinni egallab turibdi. 

Mukesh Ambani / Foto: Reuters

Endi Osiyodagi eng boy odam neftni qayta ishlash, chakana savdo va telekommunikatsiya sohasida davlat orttirgan yana bir hindistonlik milliarder Mukesh Ambani hisoblanadi. Uning kapitali 83,6 milliard dollarga baholangan. Uchinchi o‘rinni 69,3 milliard dollar boyligi bilan xitoylik tadbirkor Chjun Shanshan egallab turibdi. U shishali suv ishlab chiqarish kompaniyasiga egalik qiladi. 

Dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatini fransiyalik tadbirkor Bernar Arno (Luis Vuitton MH kompaniyasi rahbari) boshqarmoqda. Uning boyligi 212 milliard dollardan oshgan. Amerikalik Ilon Mask (Tesla, SpaceX kompaniyalari rahbari) 179 milliard dollar bilan ikkinchi, Jyeff Bezos (Amazon kompaniyasi rahbari) 125 milliard dollar bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid