Jamiyat | 14:54 / 06.02.2023
68234
8 daqiqa o‘qiladi

Dahshatli raqamlar: dunyoda bir yilda 8 mln bola yo‘qolmoqda

Toshkentda 12 yoshli Muslimaning bedarak yo‘qolishi va keyinchalik uning jasadi zo‘rlik alomatlari bilan topilishi butun jamiyatni larzaga soldi. Voqea ommaga ma’lum bo‘lganga qadar juda ko‘pchilik qizni izlagan. Qidirgan ko‘ngillilar orasida Muslimaning qotili ham bo‘lgan.

Muslima

Ming afsuski, har yili, har onda dunyo bo‘ylab bolalar yo‘qolib turadi va ota-onalar baxtiga ularning aksariyati topiladi. Lekin bir nafar bedarak ketgan yoki jasadi topilgan bola ham ommani titratib tashlaydi. Hamma g‘azabga minadi, qotilga eng oliy jazo, qiynoqlar qo‘llash talab qilina boshlaydi.

Afsuski, ma’lum muddat diqqat markazida turgan mavzu asta-sekin e’tibordan tusha boradi va hamma ehtiros bilan taklif qilgan ehtiyot choralari ham navbatdagi bola yo‘qolgunga qadar deyarli unutiladi. 

Ota-ona uchun farzandidan ajralish eng og‘ir azob bo‘lsa, jigargo‘shasining bedarak yo‘qolishi aqldan ozdirgudek mavhumlik, dahshatli arosat ekani hammaga ayon. Ammo ming afsuski, bolalar turli sabablarga ko‘ra baribir yo‘qolib turadi, aksariyati keyinchalik topilsa-da, ayrimlari mutlaq bedarak ketadi...

Dunyo bo‘yicha bu boradagi statistika bilan tanishib, dahshat va hayratdan yoqa ushlaymiz: jahonda har yili o‘rta hisobda 8 million nafar bola yo‘qolar ekan. Axir bu yirik megapolis yoki o‘rtacha bir davlat aholisi bilan teng. Qolaversa, bedarak ketganlarning norasida go‘dak ekani va himoyasiz qolishi mumkinligi vaziyatni yanada chigallashtiradi.

Bu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, davlatning rivojlangani va boyligi, shuningdek, politsiyaning samarali ishlashi bolalar yo‘qolmasligining kafolati emas. Masalan, Yevropa Ittifoqida har yili 250 000 nafar, ya’ni har ikki daqiqada bittadan bola yo‘qoladi. AQShdagi ma’lumotlar esa yanada qo‘rqinchli. Har yili politsiyaga farzandini yo‘qotgan ota-onalardan 450 000 tadan 800 000 tagacha murojaat kelib tushadi. Rossiyada har yili 15 000 bola yo‘qolgani ro‘yxatga olinadi va ularning ko‘pchiligi notinch oilalarning farzandlari ekani qayd etiladi. 

Bu boradagi eng og‘ir holat Afrika va Osiyoning ba’zi davlatlarida kuzatiladi. Garchi ularda aniq statistika yuritilmasa-da, vaziyat og‘irligi ko‘pchilik tashkilotlar tomonidan qayd etilgan.

Xitoyda bolalar o‘g‘irligi holati aks etgan quyidagi videolavha kishini chuqur o‘yga toldiradi.

 

Dunyo bo‘yicha bedarak yo‘qolgan bolalarning ko‘pchiligi odatda adashib qolib, o‘z ota-onasini butkul unutib yuboradi, jinoiy guruhlar tomonidan farzandsiz oilalarga sotiladi yoki yanayam dahshatlisi – a’zolar uchun pullanadi. Albatta, bunday holatlar ko‘p emas, lekin bola o‘g‘irlash bilan shug‘ullanuvchi xalqaro jinoiy guruhlar borligi allaqachon o‘z isbotini topgan. Lekin yo‘qolganidan keyin 15 yil o‘tib topilgan yoki ulg‘ayganidan keyin o‘zi ota-onasini surishtirib kelganlar ham uchraydi. Shu bois bedarak ketgan bolalarning ota-onalari hadik bilan birga umid bilan ham yashaydilar.

Muammo shu qadar dolzarbligi bois har yili 25 may “Xalqaro yo‘qolgan bolalar xotirasi kuni” deb belgilangan. Buning ham o‘ziga yarasha tarixi bor. 1979 yilning 25 may kuni uyiga qaytayotgan Evian Peyts degan bola yo‘qolib qoladi. Voqea katta shov-shuvga sabab bo‘ladi va uni hamma izlashga tushadi. Lekin qidiruvlar natija bermaydi, oradan to‘rt yil o‘tib, AQSh prezidenti Ronald Reygan 25 may “Xalqaro yo‘qolgan bolalar xotirasi kuni” sifatida belgilanishini ma’qullaydi. Oradan yana bir yil o‘tib, yo‘qolgan bolalarni qidirish bilan shug‘ullanuvchi maxsus tashkilot (ICMEC — International Centre for Missing & Exploited Children) tuziladi. Dastlab bu tashkilotga 22 davlat a’zo bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik ular soni yuzdan ortgan.

Albatta, statistika dahshatli... Ammo bir jihatga e’tibor berish shart – bu bola yo‘qoldi deb murojaat qilingan holatlar. Bolalarning aksariyati ko‘p o‘tmay topiladi. Ularning ko‘pchiligi kimdandir arazlab qochib ketgan, biror joydaligini ogohlantirishni unutgan yoki shunchaki bekinmachoq o‘ynagisi kelgan bo‘ladi. Lekin baribir bu vaziyatga jiddiy qaramaslikka asos bo‘la olmaydi.

Masalan, AQShda bola yo‘qolishi bilan bog‘liq har qanday murojaat kelib tushishi bilan “Amber Alert” tizimi ishga tushiriladi. Bu tizim 1996 yildan buyon ishlaydi. Aynan shu yili 9 yoshli Amber ismli qizaloq yo‘qoladi va fojiali halok bo‘ladi. “Alert” so‘zi esa trevogani anglatadi. “Amber Alert” tizimi ishga tushganidan keyin o‘sha hududdagi har bir ommaviy axborot vositasi, ko‘chadagi ekranlar bolaning suratini qayta-qayta e’lon qilaveradi, ko‘ngillilar bola suratini ko‘targancha gavjum joylarni aylanishadi, har bir kovakka kirib chiqiladi. Ishga, tabiiyki, politsiya aralashadi va hatto boshqa hududlar vakillari ham jalb qilinadi.

Tizimning samarali ishlashi tufayli 99 foizgacha bola topiladi. Boshqa davlatlarda ham samaradorlik bu darajada bo‘lmasa-da, bolalarning ko‘pchiligi topilib, uyiga qaytariladi.

O‘zbekistonda bu borada aniq statistik ma’lumotlar e’lon qilinmagan. Ammo shunisi aniqki, bizda bolalar yo‘qolishi unchalik ko‘p emas. Lekin bunday holat bitta bo‘lsa ham ko‘p, bir oilaning fojiasi ham barchaga og‘ir dard bo‘ladi. Hozir yurtimizda bunday holatga hech kim befarq emasligi quvonarli. Bola yo‘qolgani e’lon qilinishi bilan ijtimoiy tarmoqlar larzaga keladi va deyarli hamma o‘z yordamini taklif etadi. Bu yurtdoshlarimizning ezgu ishlarga hissa qo‘shish istagi kuchli ekanidan, o‘zganing dardiga befarq emasligidan dalolat.

2016 yil. Asaka tumanida yashovchi, 55-maktabning birinchi sinf o‘quvchisi, sakkiz yashar Ëqutoy Rustamjonova 6 aprel kuni darsdan chiqqanidan keyin uyiga bormagan. Nafaqat tuman, balki Andijon viloyatidagi barcha militsiya xodimlari yo‘qolgan qizni qidirishga safarbar qilingan. Qizning surati har bir ko‘cha, har bir uy, hatto avtomobillarga ham yopishtirib chiqildi. Ammo shuncha yil vaqt o‘tdi hamki, qidiruvlar natija bermadi, Ëqutoy topilmadi...

Yoqutoy

Ayniqsa, xalqimizga xos sabr xislati va umid ilinji bedarak ketgan bolalar ham har kuni duo bilan eslanishiga hamda qaytishi kutilishiga sabab bo‘ladi. Xususan, asakalik Yoqutoy Rustamjonovaning onasi Shahnoza Soliyeva bilan suhbatlashganimizda hanuz jigargo‘shasining qaytishini kutayotganlarini va har bir xabarga umid bilan qarashlarini aytgandi. Qidiruvdan aslo to‘xtamasliklarini bildirarkan, onaizor hech bir onaning boshiga bunday ko‘rgilik tushmasligini duo qildi.

Eng muhimi – bunday holatlarning oldini olish. Farzandlarimizni bir daqiqa ham qarovsiz va e’tiborsiz qoldirmasligimiz shart.

Bolalar qayerdaligi to‘g‘risida xabar jo‘natib turuvchi va yo‘qolishining oldini oluvchi moslama yaratgan ixtirochi haqidagi filmda o‘sha olim shunday deydi: “Men ixtiro qilgan moslama bolalaringiz yo‘qolmasligiga kafolat bermaydi. Unutmang, bolalarimizdan ayrilishimizning oldini olishda eng muhimi biz o‘zimiz ularning hayotidan yo‘qolib qolmasligimizdir”.

Farzandlarimiz omon va doim ko‘z oldimizda bo‘lsin.

Abror Zohidov

Mavzuga oid