O‘zbekiston | 15:12 / 08.02.2023
15662
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida Qo‘yliqdan Sergeligacha 15 daqiqada borish mumkin bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni Toshkent metropolitenidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi va Sergeli yo‘nalishini bog‘lovchi Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan metropoliten barpo etilmoqda. Qariyb 12 kilometrlik bu qismda 7 ta bekat bo‘ladi. Ayni kunlarda uning Quruvchilar dahasigacha borgan 5 ta bekati qurib bitkazildi. Davlat rahbari ushbu transport inshootini borib ko‘rdi. 

- Oxirgi yillarda bu borada ham tajriba to‘pladik. Qo‘yliq yo‘nalishida 7 ta, Sergelida 5 bekatli yerusti metrolari qurildi. Oldin Toshkent metropolitenidan 240 ming yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, bugungi kunda 600 mingdan oshdi. Rejamiz - 1 million yo‘lovchi. Agar o‘z vaqtida buni boshlamaganimizda, shahar transportida kollaps bo‘lishi mumkin edi. Endi muqobil energetikani ham o‘rganmasak bo‘lmaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident jamoatchilik vakillari bilan birga metroda yurdi.

Quruvchilar dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan qariyb 4 kilometrlik metro yo‘li ham yaqin oylarda ishga tushiriladi. Shu tariqa, Qo‘yliq va Sergeli orasidagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 40 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi mumkin.

Ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 650 minggacha yetadi. 245 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid