O‘zbekiston | 07:55 / 10.02.2023
2260
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston avia yuk tashuvlari sohasida E-freight standarti joriy etiladi

Transport vazirligida O‘zbekiston avia yuk tashuvlari sohasida E-freight xalqaro standartini joriy etishni jadallashtirish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Foto: Uzbekistan Airways

E-freight xalqaro standartini joriy etishdan maqsad mamlakatda havo transportida yuk tashuvlari raqobatbardoshligini oshirish, «Yagona darcha» tamoyili asosida idoralararo ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali biznes jarayonlarini soddalashtirishdan iborat.

Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar vakillari avia yuk tashuvlari sohasida hujjatlarni elektron rasmiylashtirish va kuzatib borishning E-freight xalqaro standartini joriy etish yo‘nalishidagi mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashdi.

Xalqaro aviatsiya transporti birlashmasi tavsiyasiga muvofiq havo transportida yuklarni elektron rasmiylashtirish va kuzatish E-freight standartini joriy etish biznes jarayonlarini soddalashtirishga, xarajatlarni kamaytirishga va ma’lumot almashinuvini tezlashtirishga qaratilgan xalqaro tarmoq dasturining bir qismidir.

Ushbu standartning joriy etilishi ishonchlilik darajasi oshishiga, yuklarni yetkazib berish vaqtini hamda avia yuk tashuvlari jarayonida hujjatlarni elektron rasmiylashtirish va kuzatib borish xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi. Nazorat qiluvchi organlar uchun axborot xavfsizligi va ishonchliligini oshirishni ta’minlaydi.

Uchrashuv davomida ilg‘or xorijiy mamlakatlarda havo transportida yuk tashuvlarini rasmiylashtirish jarayonida qo‘llanayotgan elektron platformalarning ish faoliyati yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. E-freight'ni tatbiq etishni jadallashtirish mexanizmi ishlab chiqildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid