Jahon | 08:26 / 10.02.2023
10178
3 daqiqa o‘qiladi

Rheinmetall Ukrainaga Panther tankini yetkazib berishga tayyor

Rheinmetall konserni bosh direktorining so‘zlariga ko‘ra, yangi Panther tankini Kiyevga yetkazib berish «15-18 oy ichida» amalga oshirilishi mumkin.

Rheinmetall Panther KF51

Yevropada eng yirik harbiy texnika ishlab chiqaruvchilardan biri, Germaniyaning Rheinmetall konserni Ukrainaga o‘zining yangi Panther jangovar tankini yetkazib bermoqchi. Bu haqda Rheinmetall bosh direktori Armin Papperger ma’lum qildi. Uning so‘zlarini 9 fevral, payshanba kuni Handelsblatt gazetasi keltirdi.

"Biz Kiyev bilan Panther'ni eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz", dedi Papperger. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Lynx nemis piyoda askarlarining jangovar mashinasiga ham qiziqish bildirgan.

Rheinmetall o‘tgan yozda Parijda bo‘lib o‘tgan 27-Xalqaro qurol-yarog‘ ko‘rgazmasi Eurosatory 2022'da Panther'ni namoyish qildi va uni dunyodagi eng kuchli jangovar tank deb atadi. Ukraina ushbu mashinaning birinchi xaridoriga aylanishi mumkin.

Handelsblatt aniqlashicha, hozirgacha faqat Panther'ning namoyish modeli mavjud edi. Shunga qaramay, Papperger yetkazib berishni "15-18 oy ichida" amalga oshirish mumkin deb hisoblaydi. Tanklar Germaniya yoki Vengriyada ishlab chiqarilishi mumkin.

Eksport qilish uchun Germaniya hukumatining roziligi talab qilinadi, chunki Panther Germaniyada ishlab chiqilgan. Pappergerning so‘zlariga ko‘ra, ta’minot Yevropa davlatlari "resurs tugagani" sababli o‘z zaxiralaridan yangi tanklarni ajrata olmasligi mumkin.

Avvalroq Rheinmetall birinchi 20-25 ta Leopard 1 tanklari 2023 yilda Ukrainaga yetkazilishini e’lon qilgan edi. 2024 yilning o‘rtalariga kelib, kamida uchta Ukraina bataloni ushbu jangovar mashinalar bilan jihozlanishi kerak. Qolgan 88 ta jangovar mashina 2024 yil oxirigacha Kiyevga topshiriladi, dedi Papperger. Bundan tashqari, Leopard 1 tanklari boshqa nemis ishlab chiqaruvchisi - Flensburger Fahrzeugbau Gesellschaft (FFG) tomonidan ham saqlanadi.

Niderlandiya va Daniya Germaniya bilan birgalikda Ukrainaga Leopard 1A5 tanklarini yetkazib berishda ishtirok etmoqda. Yanvar oyining oxirida Berlin Bundesver omborlaridan 14 ta Leopard 2 jangovar tanklarini Ukrainaga topshirishga qaror qildi.

Mavzuga oid