Amsterdamda bepul mahsulotlarga ega supermarket ochildi
Muhtojlar undan istalgan mahsulotni olishi mumkin.
Niderlandiya poytaxti Amsterdam shahrida muhtojlar uchun bepul oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangan Fris supermarketi ochildi.
Oziq-ovqat va boshqa tovarlarni bepul olish uchun faqat bitta shartni bajarish talab etiladi - «hayot murabbiyi» (life coach) suhbatidan o‘tish. Bu haqda mahalliy Het Parool nashri yozdi.
Supermarketda oziq-ovqat (makarondan tortib barra sabzavotlargacha), maishiy kimyo va gigiyena vositalari mavjud. Bundan tashqari, mijozlar murabbiylardan ish qidirish, imtiyozlar va boshqa masalalarda yordam olishi ham mumkin.
Qayd etilishicha, tovarlarni olish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish yoki biror hujjat taqdim etish shart emas.
«Bizga puli yo‘qligini isbotlash kerak emas, biz har kuni sinflarimizda qashshoqlikni ko‘ryapmiz... Hamma narsa ishonchga asoslanadi», dedi supermarketni moliyalashtiradigan Studiezalen loyihasi asoschisi Abdulhamid Idrisiy.
Studiezalen loyihasi 2010 yilda paydo bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga ta’lim olishda yordam berishni boshlagan.
«Har kimning o‘z muammosi, tashvishi bor. Agar bola nonushtasiz maktabga borishini aniqlasak, biz uni nonushta bilan ta’minlaymiz. Biz bolalarni maktabdan uyga hojatxona qog‘ozi olib ketayotganini ko‘ramiz, shuning uchun ularni hojatxona qog‘ozi bilan ta’minlaymiz. Ba’zi odamlar, masalan, ish beruvchi suhbatiga borayotganida ozoda bo‘lishni xohlaydi. Biz ularga tish cho‘tkasi, shampun va soch uchun gel beramiz», dedi Idrisiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha allaqachon 80 ga yaqin oilani qo‘llab-quvvatlamoqda, ular orasida giyohvandlikka chalingan va bezorilik qurboni bo‘lganlar ham bor.
«Biz har kuni stress darajasini kamaytirmoqchimiz. Biz odamlarga tinch uxlashda yordam beramiz va bu faqat boshlanishi. Odamlar omon qolish uchun kurashishi emas, yashashi kerak», dedi Idrisiy.
Tashkilot hozirda Fris supermarketini moliyaviy qo‘llab-quvvatlayapti. Shuningdek, Vomar, Bakkerij Metalsa, TommyTomato kabi mahalliy korxonalar, Kaddour go‘sht do‘konidan yordam olmoqda.
Mavzuga oid
16:38 / 12.11.2024
Amsterdamdagi mojaro: aslida nimalar bo‘ldi?
00:11 / 12.11.2024
Niderlandiya 9 dekabrdan chegara nazoratini joriy etadi
17:40 / 08.11.2024
«Makkabi» muxlislari Amsterdamda Falastin bayrog‘ini yoqib, tartibsizlik keltirib chiqarishdi va so‘ng taksichilar taqibiga uchrashdi
20:41 / 08.10.2024