Jahon | 19:37 / 11.02.2023
23634
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiyadagi zilzilalardan so‘ng marodyorlarni jazolashga va’da berdi

Zilzila hududlarida talonchilik holatlari tufayli, prezident ularni qattiq jazo bilan ogohlantirdi. 

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiyadagi zilzilalardan so‘ng vayrona bo‘lgan uy-joylarda talonchilikka aloqador bo‘lgan marodyorlarni davlat jazolashini aytdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

«Biz favqulodda holat e’lon qildik. Bu shuni anglatadiki, bundan buyon talonchilik yoki odam o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan shaxslar davlatning mustahkam qo‘li yelkasida ekanini bilishi kerak», dedi davlat rahbari.

Avvalroq, Avstriya armiyasining qutqaruvchilari Turkiyaning zilzila zonasida vayronalarni tozalash paytida xavfsizlik masalasi yetarlicha ta’minlanmagani tufayli, ishni to‘xtatganini e’lon qilgan edi. Jumladan, ular jinoiy guruhlar tomonidan uyushtirilayotgan otishmalarga e’tibor qaratishdi.

Erdo‘g‘an, shuningdek, Turkiya janubidagi yuz minglab binolar hozir yashash uchun yaroqsiz ekanini ta’kidladi va rasmiylar tez orada tiklash jarayonini boshlashini qo‘shimcha qildi.

9 fevral kuni Erdo‘g‘an mamlakatda sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan so‘ng marodyorlik boshlanib ketganini aytgan edi.

11 fevral holatiga ko‘ra, Turkiyada kuchli zilzila qurbonlari soni 21 mingga yaqinlashdi, 80 mingdan ortiq odam jarohat oldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid