O‘zbekiston | 15:13 / 11.02.2023
38662
2 daqiqa o‘qiladi

Mahallalarda yurgan ko‘chma shifoxonalar

Bepul tibbiy xizmat, tibbiyot sharoitlari va mutaxassislar... Bu talablar nafaqat shaharlarda qondirilishi, balki respublikaning istalgan hududida to‘liq mavjud bo‘lishi kerak. Kun.uz muxbiri Qoraqalpog‘istonga safar qilib, olis va og‘ir hududlardagi shifo maskanlarining sharoitlari bilan tanishdi.

O‘tgan yili Taxiatosh tumanidagi Taxiatosh IES yonida yangi diagnostika markazi qurib, foydalanishga topshirilgan. Osiyo taraqqiyot banki hisobidan qurilib, eng zamonaviy tibbiyot apparatlari bilan jihozlab berilgan poliklinikada sifatli va bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish doimiy monitoring qilib boriladi. E’tiborimizni tortgani poliklinikada MRT uskunasining ham o‘rnatilgani bo‘ldi.

Shuningdek, diagnostikani o‘rganish chog‘imizda UZI, EKG, mammografiya uskunalari bilan jihozlangan tibbiyot avtokarvoni ham yetib keldi. Ularning vazifasi esa aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ma’lum-noma’lum kasalliklarni aniqlash, oldini olish yoki davolash choralarini ko‘rishdan iborat.

Yaqin hududlarda yashovchi mahalliy aholi mazkur ko‘chma shifoxonalarda bepul ko‘rikdan o‘tish uchun erta tongdan navbatlar band qilishdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda vazirlik tasarrufida 15 ta mobil mammografiya kompleksi mavjud. Ular yordamida ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash uchun mamlakatimizda ilk bor barcha hududlar mammografiya skriningi bilan qamrab olinadi. Bu tibbiyot karvoni tez orada sizning mahallangizda ham xizmatda bo‘ladi.

Mavzuga oid