Sport | 19:02 / 14.02.2023
30300
11 daqiqa o‘qiladi

Mojarolar va tarkibdagi muammolar. «PSJ» YeChL pley-offiga tayyormi?

Parij superklubi «Bavariya»ga qarshi o‘yin oldidan muvaffaqiyatsizlikka mahkumdek ko‘rinmoqda.

Foto: Reuters

Bugun, 14 fevral kuni Yevropa Chempionlar ligasi pley-off bahslariga start beriladi. Nimchorakfinal doirasidagi dastlabki kun o‘yinlaridan musobaqaning markaziy qarama-qarshiligi o‘rin olgan. «PSJ» o‘z maydonida «Bavariya»ni qabul qiladi, «Tottenhem» «Milan» mehmoni bo‘ladi.

YeChL. 1/8 final. Birinchi o‘yinlar
«Pari Sen-Jyermen» - «Bavariya»
O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: Sport 
«PSJ»: Donnarumma; Danilu, Markinos, Ramos; Hakimi, Verratti, Fabian Ruis, Nunu Mendesh; Vitinya; Messi, Neymar
O‘ynamaydi: Myukile (jarohat), Renatu Sanshesh (jarohat)
So‘roq ostida: Mbappe (jarohat)
Ogohlantirilsa javob o‘yinini o‘tkazib yuboradi: Ramos, Verratti
«Bavariya»: Zommer; Kanselu, Upamekano, de Lixt, Devis; Kimmih, Goretska; Sane, Musiala, Koman; Myuller
O‘ynamaydi: Noyyer (jarohat), Ernandes (jarohat), Mane (jarohat), Mazraui (betob), Vanner (betob)
Ogohlantirilsa javob o‘yinini o‘tkazib yuboradi: Kimmih, Mazraui.

«Milan» - «Tottenhem»
O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: Yoshlar
«Milan»: Mirante; Kalabriya, Kalyulyu, Tomori; Salemakers, Tonali, Krunich, Teo Ernandes; Braim Dias, Rafael Leau, Jiru
O‘ynamaydi: Florensi (jarohat), Binnosir (jarohat)
Ogohlantirilsa javob o‘yinini o‘tkazib yuboradi: Ballo, Krunich, Tomori
«Tottenhem»: Forster; Romero, Dayyer, Devis; Emerson, Skipp, Sarr, Perishich; Kulusevski, Keyn, Son
O‘ynamaydi: Heyberg (diskvalifikatsiya), Bentankur (jarohat), Loris (jarohat), Sessenon (jarohat), Bissuma (jarohat)
Ogohlantirilsa javob o‘yinini o‘tkazib yuboradi: Bentankur, Dayyer, Langle.

Qora hafta

«PSJ»ning «Monako»ga qarshi o‘yini kunida go‘yoki bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarning barchasi bir nuqtaga yig‘ildi. Birinchidan, jamoa Fransiya kubogini tark etishi ortidan Messi va Verratti shusiz ham to‘la bo‘lgan lazaretga borib qo‘shildi, bosh murabbiy Hakimi va Serxio Ramosga tushayotgan yuklamani kamaytirishga harakat qilib, ularning ikkisini ham zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi. Ikkinchidan, jamoada ichak virusi tarqalgan, shanba kuni maydonda bo‘lgan Vitinya va o‘yinni o‘tkazib yuborgan Fabian Ruis shu kasallikni boshdan kechirgan.

Parijliklar yil boshidan buyon liga 1 chempionatida uch o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi (barchasi safarda) — «Lans» (1:3), «Renn» (0:1) va «Monako» (1:3). Qolaversa, uyda «Reyms»ga qarshi o‘yinda g‘alaba qo‘ldan chiqarildi (1:1) va eng ashaddiy raqib «Marsel»dan mag‘lub bo‘linib (1:2), Fransiya kubogi tark etildi.

Tabiiyki, fanatlar norozi. Shunchalikki, shanba kungi mag‘lubiyatli o‘yindan keyin ulardan uzr so‘rash uchun shu kuni «PSJ»ni hisob yanada yirik bo‘lib ketishidan saqlagan Donnarumma va jamoa sardori Markinosgina rozi bo‘ldi. Yakunda mehmonlar sektoriga qo‘lida megafon tutgan Kimpembe yo‘l oldi. Bu biroz g‘alati qaror, jarohat tufayli Qatardagi mundialni o‘tkazib yuborgan himoyachi noyabr oyidan buyon o‘ynamagan va Monakodagi o‘yin oxirida 10 daqiqa o‘tkazgandi — bu so‘nggi uch oyda uning ilk bor maydonda ko‘rinish berishi bo‘ldi.

Shu bilan birga u klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va fanatlarni xorijlik yulduzlarga qaraganda yaxshiroq tushunadi, shuning uchun Kimpembening qo‘llab-quvvatlashda davom etish va birdamlik ko‘rsatish kerakligi haqidagi so‘zlari muxlislar uchun samimiy eshitildi. Qolaversa, unda, masalan shu kuni jamoaning yagona golini urgan 16 yoshli Zair-Emeri bilan solishtirganda tajriba ham kattaroq. Shu bilan birga, ushbu o‘smir ayni vaqtda zulmatda qolgan Parij saltanatidagi kam sonli yorug‘lik nurlaridan biri bo‘lib turibdi va olqishlarga sazovor bo‘lmoqda. «Agar 16 yoki 17 yoshdagi futbolchi boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tayyor bo‘lsa, u o‘ynaydi», — deya ushbu yarimhimoyachini maqtadi Kristof Galte.

Varren Zair-Emri. Foto: Reuters

«Neymarning yangi finti»

Bu bosh murabbiyga tegishli ibora — aniqrog‘i, uning jamoadagi raqobat haqidagi nutqidan parcha. «PSJ»da muammolar faqat jarohatlar tufayli emas, balki qishki transfer kompaniyasidagi muvaffaqiyatsizlik bilan ham bog‘liq. Sarabiyani «Vulverhempton»ga ijaraga berib yuborgan parijliklar «Chelsi» tomonidan hujjatlar uch bor noto‘g‘ri yuborilishi oqibatida Ziyoshni «Park de Prens»ga olib kela olmadi. Bu esa rahbariyatning transferlardagi ikkinchi muvaffaqiyatsizligi bo‘ldi, yozda Mbappe bilan shartnoma yangilanganida Levandovskini olib kelish va’da qilingan, amalda esa «Reyms»dan 20 yoshli Ekitikeni xarid qilish bilan cheklanilgandi.

Shunday ekan, Galte jamoa o‘yinini o‘z ixtiyoridagi bor tarkib asosida qurishiga to‘g‘ri keladi. U yozdan buyon o‘ynab kelingan 3-4-3 sxemasidan voz kechishga, 17 yoshli Bitshiabu va Husni, shuningdek 18 yoshli Garbidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Jamoaning Messidan tashqari boshqa yulduzlari jahon chempionatidan keyin formada emasligi tufayli intizom borasida savollar tug‘dirmaydigan yoshlarga o‘ynatilmoqda. Neymar esa Le Parisien nashrida chiqqan maqoladan keyin mojarolar girdobida qoldi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, braziliyalik futbolchi 31 yoshini dabdabali nishonlab, qo‘shnilarini bezovta qilgan. Xabarda aytilishicha, qo‘shnilarning politsiya chaqirishga urinishlari besamar ketgan, Neymar yashaydigan Byujival shaharchasi meri esa ertalabga qadar davom etgan chempionlik bazmini eslab, bunday katta pul topuvchi odamga 135 yevro miqdoridagi jarima bilan ta’sir qilib bo‘lmasligidan yozg‘irgan. Bu maqoladan keyin rasmiylar uy egasi bilan bog‘lanishgan, ular muammoni futbolchining otasi bilan muhokama qilishga va’da berishgan. Umuman olganda, bu Neymarga xos bo‘lgan voqea va bu uning futbol o‘ynashiga xalal bermaydi. Shunchaki umumiy inqiroz fonida bunday holatlar og‘riqli qabul qilinadi va Galte bilan gaplashib olishni talab qilayotgan fanatlarning g‘ashiga tegadi.

«Bizga intensivlik yetishmadi. Bu jamoaning hozirgi holati. Bu hayron qoldiradi, ammo to‘g‘risi shu. «PSJ» murabbiyi bunday gaplarni aytishi g‘alati, ammo reallik shunday. Men «Bavariya» bilan o‘yin arafasida tashvishdaman. Bizning jamoamiz kuchsizlangan, ammo xayolimizni keraksiz narsalar bilan band qilmasligimiz kerak. Men muxlislarning g‘azabini ham to‘g‘ri tushunaman», — deya tan oldi jamoa bosh murabbiyi «Monako»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin.

Neymar. Foto: AFP

Asablar dosh bermayapti

Hozirda asosiy masala — «PSJ»ning seshanba oqshomidagi o‘yin uchun tarkibi qanday bo‘lishida. Hozirdan aytish mumkinki, shanba kungi o‘yinda dam berilib, faqat zaxiradan qo‘shilish bilan cheklangan Serxio Ramos va Hakimi, shuningdek 90 daqiqa davomida zaxira o‘rindig‘ida qolgan Nunu Mendesh boshlang‘ich tarkibda bo‘ladi. Galte Messi va Verratti safga qaytishiga umid qilmoqda, L'Equipe insaydlari ularning maydonda bo‘lishi haqida xabar qilgan. Ammo Mbappening o‘yindagi ishtiroki — savol ostida. Ikki kun oldin bunday ehtimol istisno qilinayotgandi, ammo forvard birdaniga tiklandi va murabbiy uning ishtiroki bo‘yicha o‘yin kuni qaror qabul qilishga va’da berdi.

Bu vaziyat uchun eng oqilona bahodir, chunki mavsumda o‘yinlar soni ko‘p, «Bavariya»ga qarshi javob o‘yini esa — faqat uch haftadan keyin o‘tkaziladi. Shunga qaramay, parijliklar jamoasida asablar taranglashgan. Masalan, Galtening o‘zi ham  myunxenlik hamkasbi Yulian Nagelsmanning parijliklar poker o‘yinidagi usullardan birini qo‘llashi mumkinligiga ishora qilib aytgan so‘zlariga ancha keskin munosabat bildirdi. Germaniyalik mutaxassis hatto o‘z so‘zlariga izoh berishiga to‘g‘ri keldi va so‘zlarida hech qanday fitna yo‘qligini bildirdi. U shunchaki Mbappening jarohati haqida rasmiy ma’lumot silliqlashtirilgani va Germaniya chempionlari «PSJ»ning tarkibda Kilian ham bo‘lgan eng yaxshi versiyasiga qarshi o‘ynashga tayyorlanishini aytdi.

Kilian Mbappe. Foto: AFP

Mish-mishlarga ko‘ra, parijliklar klubida ayni vaqtda ishdan bo‘shash xavfi ostida turgan sport direktori Luish Kampush ishtirokida yana bir mojaro ro‘y bergan. L'Equipe ma’lumotiga ko‘ra, «Marsel»ga qarshi mag‘lubiyatli o‘yindan keyin u futbolchilarga bosim o‘tkazmay, o‘zini tiygan, ammo «Monako»ga qarshi o‘yindan keyin kiyim almashtirish xonasida futbolchilarni qattiq tanqid qilgan. U o‘yinda tajovuzkorlik yo‘qligi haqida gapirgan, ammo uning so‘zlari Neymarning jahlini chiqargan. Ularning ikkisi bir-biri bilan baland ovozda dahanaki jang boshlagan, Markinos vaziyatga aralashib, tomonlarni tinchlantirishiga to‘g‘ri kelgan.

Bu vaqtda RMC Sport Neymarning o‘zi maydonda Vitinya va Ekitikega e’tiroz bildirganiga e’tibor qaratdi. Oddiy o‘yin vaziyatlari ham jamoadagi ichki inqirozdan darak bermoqda. Jamoa sardori Markinos intervyularda qanchalik to‘g‘ri so‘zlar tanlayotgan bo‘lmasin, ularni faqat «Bavariya» bilan o‘yindagi amaliy harakatlar bilan mustahkamlash mumkin. O‘yin arafasida esa parijliklar klubi Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga tayyordek ko‘rinmayapti.

Mavzuga oid