Jahon | 16:54 / 15.02.2023
49978
10 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Suriyadagi zilzila: qurbonlar soni 40 mingdan oshdi; firibgarlar vaziyatdan foydalanmoqda

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakatda zilzila qurbonlari soni 35 mingdan oshganini ma’lum qildi. Bu 1939 yilgi zilziladagidan ham ko‘p, bu esa fevraldagi tabiiy ofat Turkiya Respublikasi tarixidagi eng vayronkor hodisa bo‘lganini anglatadi.

Foto: Getty Images

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyaning isyonchilar nazoratidagi anklavi hamda Damashqdagi hukumat nazorat qiladigan boshqa hududlaridagi qurbonlarning jami soni 5 800 kishini tashkil etmoqda.

«Turkiyada ikki zilziladan jabrlangan 10 viloyatda yashovchi bolalarning jami soni 4,6 million nafarni tashkil etadi. Suriyada esa tabiiy ofat 2,5 million bolani chetlab o‘tmagan», deya xabar qildi jurnalistlarga YUNISEF matbuot kotibi Jyeyms Elder.

Seshanba tongida Qahramonmarashda qutqaruvchilar xarobalar ostidan bir bola va bir katta yoshli kishini chiqarib olishdi. Ular qariyb 200 soat mobaynida vayronalar ostida bo‘lishgan.

Qahramonmarashning boshqa hududida qutqaruvchilar zilzila va keyingi silkinishlardan omon qolgani taxmin qilinayotgan bir oilaning uch vakili – buvi, ona va qizni topishga harakat qilmoqda.

Turkiya nashrlariga ko‘ra, qutqaruvchilar yana bir necha joylarda omon qolganlarni topishga umid qilmoqda, bu nuqtalarda xarobalar ostida hayot alomatlari sezilgan.

Seshanba kuni Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an qutqaruv ishlariga jami 249 ming kishi jalb etilganini ma’lum qildi.

Seshanba kuni qutqaruvchilar xarobalar ostidan 17 yoshli Muhammad Enes Yeninar va uning 21 yoshdagi akasi Abdulbakini olib chiqishdi – ular zilziladan keyin 198 soat davomida vayronalar ostida qolishgan. Foto: Getty Images

Ammo mamlakat janubidagi Antakyada ekskavatorlar jiddiy darajada shikastlangan binolarni snos qilishga va xarobalarni tozalashga kirishgan - qutqaruvchilar endi omon qolganlar topilishiga umid qilishmayapti.

Ko‘plab aholi va qutqaruvchilar ham zilziladan keyingi dastlabki kunlarda falokat hududlarida ichimlik suvi, oziq-ovqat, dori-darmon, jasadlar uchun qoplar va ko‘tarish kranlari yetishmasligidan shikoyat qilishdi. Turkiya Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasi ham yordam ko‘rsatishdagi sustkashlik va haddan tashqari markazlashgan byurokratik protseduralar uchun tanqid qilindi.

Turkiya tadbirkorlar konfederatsiyasi va respublika ishbilarmon doiralari vakillarining hisob-kitoblariga ko‘ra, zilziladan ko‘rilgan zarar miqdori 84,1 mlrd dollarga baholanmoqda.

Dam olish kunlarida e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, asosiy xarajatlar binolar, elektr uzatish liniyalari va infratuzilmalarni tiklash, shuningdek boshpanasiz qolgan yuz minglab kishilarning qisqa va uzoq muddatga turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan bog‘liq bo‘ladi.

Suriyaga yordam masalasi

Dushanba kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Suriya prezidenti Bashar Asad chegarada yana ikkita nazorat-o‘tkazish punkti ochilishiga rozi bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Asad insonparvarlik yordamlari o‘z vaqtida yetib kelishini ta’minlash uchun Turkiyadan Suriya shimoli-g‘arbiga olib o‘tuvchi Bob as-Salom va Al-Rai nazorat-o‘tkazish punktlari ochilishiga rozilik bergan.

«Bu nazorat-o‘tkazish punktlari ochilishi – insonparvarlik yordami yetkazishni osonlashtirish, viza berishni tezlashtirish va markazlar o‘rtasidagi safar qilishni soddalashtirish bilan birgalikda - ko‘proq yordamni tezroq yetkazish imkonini beradi», dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Zilzilaga qadar Suriya shimoli-g‘arbidagi isyonchilar nazoratidagi hududlarda yashovchi to‘rt milliondan ortiq kishiga qariyb barcha insonparvarlik yordami Turkiyadan birgina nazorat-o‘tkazish punkti – Bob-al-Hava orqali o‘tardi.

Guterrish zilzila qurbonlari soni o‘sishda davom etayotgani va Suriyaning urushdan vayron bo‘lgan qismida omon qolganlar esa qahraton qish sharoitida qolayotgani, «millionlab jabrlangan kishilarga oziq-ovqat, tibbiy preparatlar, himoya vositalari, turar joy, qish zaxiralari va boshqa muhim buyumlar yetkazib berish favqulodda dolzarb vazifa ekani»ni ta’kidladi.

BMT bosh kotibining bu bayonoti Damashqda Asad va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin yangradi.

Qo‘shma Shtatlar yangi chegara punktlari ochilishini olqishlagan. «Agar rejim bunga jiddiy yondashsa va bu so‘zlarni amalda qo‘llashga tayyor bo‘lsa, bu Suriya xalqi uchun yaxshidir», dedi jurnalistlarga Davlat departamenti vakili Ned Prays.

Suriya shimoli-g‘arbidagi Jandaresga hozirgacha yordam yetib kelmagan. Foto: Getty Images

Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyati muqaddam «Al-Qoida» terrorchi guruhi bilan yaqin aloqada bo‘lgan «Hayyat Tahrir ash-Shom» guruhi tomonidan nazorat qilinadi. Guruh keyinroq aloqalarini uzgan, ammo jahondagi mamlakatlarning deyarli hech biri u bilan aloqa o‘rnatmagan.

Reuters agentligi guruh orasidagi manbalariga tayangan holda ular Asad bu fojiadan o‘z obro‘sini yaxshilab olishda foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Suriyaning yuk mashinalarini o‘tkazmoqchi emasligi haqida xabar qilgan.

Suriya shimoli-g‘arbida harakatlanuvchi «Oq dubulg‘alilar» nodavlat qutqaruv guruhi rahbari Rayoz Solih BMTning Suriya prezidenti Bashar Asadga Turkiya bilan chegara orqali yordam yetkazib berishni sanksiyalashda ovoz huquqini taqdim etish bo‘yicha qarorini qoraladi va bu unga «yo‘q joydan siyosiy foyda keltirishi»ni aytdi.

«Biz BMT o‘zini bunday tutayotganidan hayratdamiz», degan Solih Reuters agentligi muxbiriga.

BMT vakillari avvaliga yordam sekin bo‘lganini tan olgan, ammo endilikda jumladan Turkiya orqali yetkazib berish sur’atlari oshayotganini ta’kidlashgan.

Solihning so‘zlariga ko‘ra, isyonchilar nazoratidagi anklav hududga Saudiya Arabistoni va Qatardan yirik miqdordagi yordam jo‘natmalari BMT yordamidan oldinroq kela boshlagan. «Ular katta ahamiyatga ega, chunki yetkazib berish to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirildi», degan u.

Suriyaga Saudiya Arabistonidan yordam kela boshladi – 10 yil ichida ilk bor saudiyaliklar samolyoti Halabdagi aeroportga qo‘ndi

Seshanba kuni Suriyaning Halab shahriga saudiyaliklarning bortida 35 tonna insonparvarlik yordami ortilgan samolyoti qo‘ndi. Bu haqda AFP agentligiga transport vazirligi rasmiysi xabar bergan.

«Bu 10 yildan ortiq vaqt ichida Suriya yeriga Saudiya Arabistonidan kelib qo‘ngan ilk samolyot bo‘ldi», degan mulozim.

Vazirlikdan xabar qilishlaricha, chorshanba va payshanba kunlari ham Saudiya Arabistonidan yana ikkita humanitar reys kelishi kutilmoqda.

Saudiya Arabistoni 2012 yilda Bashar Asad hukumati bilan diplomatik aloqalarni uzgan va fuqarolik urushining dastlabki bosqichida isyonchilarni qo‘llab-quvvatlagan.

Ar-Riyod mamlakatning barcha jabrlangan hududlariga, bu yerlarni kim nazorat qilishidan qat’i nazar yordam yetkazib berishni va’da qilgan.

Saudiya rasmiy matbuot agentligi xabar berishicha, shanba kuni Idlibga jami 104 tonna oziq-ovqat va brezent ortilgan 11 ta yuk mashinasidan iborat ilk karvon yo‘l olgan. Ammo, avvalroq AFP agentligi qirol Salmon nomidagi Insonparvarlik yordam markazi xodimiga asoslanib xabar berganidek, Ar-Riyod to‘g‘ridan to‘g‘ri Asad hukumati bilan bog‘lanmagan.

Firibgarlar

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspertlar vayronkor zilziladan keyin internet va ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki jabrlanganlar uchun pul yig‘uvchi firibgarlar paydo bo‘lganidan ogohlantirmoqda.

Ular tomonidan yig‘ilgan xayriya pullari ehtiyojmandlarga emas, firibgarlarning kriptovaluta hamyonlariga borib tushadi.

Xususan, kontent yaratuvchilari obunachilarning xayriyalari orqali pul yig‘ishi mumkin bo‘lgan TikTok Live platformasida vayronalar tasvirlari orqali yordam so‘ralgan videolar paydo bo‘lgan.

Videoroliklardan birida portlash fonida qochib borayotgan bolakay tasviri aks etadi. Bu fotosurat zilzilaga aloqador emas, u internetda 2018 yilda paydo bo‘lgan va Suriya shimoli-g‘arbidagi Turkiya qo‘shinlari va ularning Suriya muxolifatidagi ittifoqchilari kurdlarni Afrin shahridan siqib chiqarganida ro‘y bergan voqealar bilan bog‘liq.

TikTok vakili BBC bilan suhbatda shunday degan: «Biz Turkiya va Suriyadagi dahshatli zilzilalardan chuqur qayg‘udamiz va zilziladan jabr ko‘rganlarga yordam berish uchun o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz. Shuningdek, firibgarlik va yordam bermoqchi bo‘lganlarni chalg‘itishga qaratilgan harakatlarning oldini olish uchun faol ish olib bormoqdamiz».

Tvitterda ham odamlar ta’sirchan suratlar bilan xayriya so‘rab, kriptovaluta hamyonlari havolasini ulashmoqda.

Akkauntlardan biri vayron bo‘lgan binolar fonida yosh bolani tutib turgan o‘t o‘chiruvchi tasvirlangan postni 12 soat ichida 8 marta joylashtirgan.

Ammo bu fotosurat – haqiqiy emas. Gretsiyaning OEMA nashri xabar berishicha, suratda Midjourney sun’iy intellekt dasturi orqali chizilgan Egey dengizi o‘t o‘chirish brigadasi general-mayori Panagiotis Kotridis aks etgan.

Bundan tashqari, kriptohamyon manzillaridan biri 2018 yilda yozilgan firibgarlik tvitida ham uchraydi. Boshqa bir manzil esa Rossiyadagi «VKontakte» saytida pornografik kontent bilan birga kelgan.

Firibgarlar shuningdek pul yig‘ish uchun soxta akkauntlar yaratishmoqda va o‘z tvitlarida PayPal’ga havola qoldirishmoqda.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid