Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyadagi zilzila: mo‘jizalar va epidemiya xavfi
Turkiya va Suriyada xarobalar ostidan odamlarni qutqarish ishlari davom etmoqda, zilziladan 48 soatdan keyin tirik odamlar topilishi imkoniyati juda past bo‘lishi inobatga olinsa, buni chinakam mo‘jiza deyish mumkin.
Tabiiy ofatdan to‘qqiz kun o‘tib, chorshanba kuni Qahramonmarash viloyatida ikki ayol vayronalar ostidan olib chiqildi.
Ayollardan biri – Jamila Kekech 74 yoshda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda uni chiqarib olgan qutqaruvchilar shodlikdan bir-birini quchayotgani va olqishlayotganini ko‘rish mumkin. U bilan birga uning 42 yoshli qizi Malika Imomo‘g‘li ham qutqarilgan.
«Biz zilziladan keyingi 226-soatda guruhlarimizning sa’y-harakatlari bilan 74 yoshli ayol Jamila Kekechning vayronalar ostidan tirik holda olib chiqilishiga guvoh bo‘ldik», deya yozdi feysbukida ushbu videoni ilova qilgan Darija shahri meri Muzaffar Bayik.
Undan oldinroq xarobalar ostidan 46 yoshli yana bir ayol olib chiqilgandi.
Turkiya va Suriyada qurbonlar soni 41 mingdan oshgan. Millionlab omon qolganlar va jabrlanganlar insonparvarlik yordamiga muhtoj - ularning ko‘pchiligi sovuq qish kunlarida boshpanasiz qolmoqda.
Foto: MUZAFFER BIYIK/FACEBOOK
Kasallik tahdidi
Endilikda rasmiylar va qutqaruvchilarning asosiy e’tibori omon qolganlarga qanday yordam berishga qaratilgan. Zilzilalardan birining epimarkazi bo‘lgan Qahramonmarashda omon qolganlar stadionda o‘rnatilgan palatkali shaharchada yashamoqda.
Shahar infratuzilmasining katta qismi buzilib ketgan, rasmiylar va shifokorlarning asosiy vazifasi esa kasallik tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi.
«Biz zilziladan buyon yuvina olganimiz yo‘q», deydi 21 yoshli talaba-dizayner Muhammad Amin.
Qahramonmarash stadionidagi lagerda jami oltita hojatxona mavjud. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Turkiyadagi vakili Botir Berdiqilichev jabrlangan hududlarda suv yetishmovchiligi infeksion kasalliklar avj olishi xavfini oshirishi to‘g‘risida ogohlantirgan.
Zilziladan jabrlangan boshqa bir shahar – Iskandarunda maxsus jihozlangan paromda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bilan mashg‘ul farmatsevt Jin O‘zsaygili ham yaqinlashib kelayotgan epidemiya haqida gapiradi.
«Biz vabo va ich terlama avj olishini kutyapmiz. Buning oldini olish uchun tezlik bilan chiqindilarni olib ketish, tozalash va kalsifikatsiya o‘tkazish zarur, ammo hozirda bu imkonsiz ish. Biz imkon qadar [kasalliklar tarqalishining oldini olishga] harakat qilamiz», degan u.
Suriyadagi vaziyat
Suriyadagi fuqarolik urushi esa barchasini yanada qiyinlashtirmoqda – jabrlangan hududlarga insonparvarlik yordami yetkazishga bo‘lgan qator urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi, chunki bu hududlarga olib boruvchi yo‘llar o‘zaro dushman guruhlarning to‘qnashuv chiziqlari bo‘ylab o‘tadi.
Chorshanbaga o‘tar kechasiga kelibgina mamlakat shimoli-g‘arbidagi eng jiddiy jabrlangan hududlarga dastlabki insonparvarlik yordami karvoni yetib keldi. Guvohlar Reuters agentligiga Suriya demokratik kuchlari (SDF) nazorat qiladigan hududga adyol, oziq-ovqat mahsulotlari, palatkalar va dori-darmonlar yuklangan furalar yetib kelganini tasdiqlashgan.
Suriyaning Afrin viloyatida mahalliy sog‘liqni saqlash boshqarmasi zilzila chog‘ida tug‘ilgan Aya ismli qizaloqni o‘g‘irlab ketilishdan qutqardi – uni xarobalar ostidan chiqarib olishganida hali kindigi uzilmagandi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning omon qolishi kadrlari tezlik bilan tarqaldi, shundan keyin minglab kishilar uni asrab olish takliflarini berishdi.
Ayaning onasi u tug‘ilishi bilan vafot etgan, xuddi otasi, to‘rt akasi, opalari va xolasi kabi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, uni olib kelishganida hamma joyi shishib, ko‘kargan va zo‘rg‘a nafas olayotgandi. Hospitalda uni boshqaruvchining uch oygina oldin tuqqan rafiqasi emizgan.
Qiz davolangan shifoxona muxolif kuchlar nazoratidagi hududda joylashgan. Shu kunlarda bu yerda zo‘ravonlik holati sodir bo‘ldi - ikki noma’lum shaxs shifoxona boshqaruvchisini do‘pposlagan va rasmiylarning taxmin qilishicha, bu chaqaloqni o‘g‘irlab ketishga urinish bo‘lgan. Chorshanba kuni qizaloqni xavfsiz joyga ko‘chirishdi.
Keyinroq mahalliy sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Ahmad Hoji Hassan BBC bilan suhbatda hospitalda ro‘y bergan hodisa «to‘liq shifoxona bilan bog‘liq ichki masala bo‘lgani va chaqaloqqa aloqador bo‘lmagani»ni aytdi. U chaqaloqni o‘g‘irlashga urinish bo‘lgani haqidagi taxminni inkor etdi.
Chaqaloq topilgan Jandaris shahri Turkiya chegarasidan bir necha kilometr masofada joylashgan – bu Suriyada tabiiy ofatdan eng jiddiy talafot ko‘rgan hududga aylandi. Bu yerda 200 ga yaqin bino vayron bo‘lgan, xarobalar ostidan 500 dan ortiq kishining jasadi olib chiqildi.
Bu hududda qidiruv-qutqaruv ishlariga Suriya fuqarolik mudofaasi («Oq dubulg‘alilar» nomi bilan ham mashhur) tashkiloti rahbarlik qilmoqda. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bu hududda yashovchi 5 milliondan ortiq kishining 90 foizi zilzilaga qadar ham insonparvarlik yordamlariga muhtoj holatda edi.
Mavzuga oid
08:33 / 02.06.2026
Venada Asad davri generali ustidan sud boshlandi
08:29 / 01.06.2026
O‘zbekiston Suriyaga mahsulot eksport qilishni boshlamoqchi
20:33 / 30.05.2026
«Mehr» operatsiyalari natijasida 530 dan ortiq kishi O‘zbekistonga qaytarildi
18:07 / 30.05.2026