Jahon | 09:43 / 18.02.2023
6929
2 daqiqa o‘qiladi

Amnesty muxolifatchi Pivovarovning g‘oyib bo‘lganini ma’lum qildi

Pivovarov oxirgi marta 18 yanvar kuni aloqaga chiqqan, shundan beri uning oilasi va advokatlari u haqida hech qanday ma’lumotga ega emaslar.

Foto: Deutsche Welle

Ozodlikdan mahrum etilgan rossiyalik muxolifatchi Andrey Pivovarovning qarindoshlari va advokatlari bir oydan beri uning qayerda ekanligi haqida hech qanday ma’lumot topa olmayapti. Amnesty International inson huquqlari tashkiloti 17 fevral, juma kuni siyosatchi «majburiy g‘oyib bo‘lgan», deb ma’lum qildi.

Pivovarov jazoni o‘tash uchun axloq tuzatish koloniyasiga o‘tkazilayotgan paytda Sankt-Peterburgga olib ketilgan 18 yanvardan beri uning qayerda ekanligi noma’lum, deydi huquq himoyachilari.

«Siyosiy ayblovlar bilan qamalgan rossiyalik muxolifat yetakchisi Andrey Pivovarovning so‘nggi bir oy davomida hech qanday aloqaga chiqmagan, uning hibsga olinishi va majburan g‘oyib bo‘lishi davom etyapti», dedi Amnesty International tashkilotining Rossiya bo‘yicha direktori Natalya Zvyagina bayonotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu uzoq bosqichli amaliyot Rossiyada sovet GULAGlari davridan beri saqlanib qolgan. «Mahbuslar bir necha hafta davomida izolyatorlardan izolyatorlarga o‘tkazilib, ular bilan aloqa qilmasdan ushlab turiladi, bu esa zo‘rlik bilan yo‘qolib qolish bilan barobar. Bu mahkumlarni qo‘shimcha g‘ayriinsoniy jazolashni nazarda tutuvchi va ularning oilalariga azob-uqubat keltiruvchi Rossiya jazoni ijro etish tizimining o‘ziga xos belgisi bo‘lib qolmoqda». - ta’kidladi Zvyagina.

«Otkrytaya Rossiya»ning sobiq direktori Andrey Pivovarov 2022 yil iyulida «nomaqbul tashkilot» faoliyatini amalga oshirganlik moddasi bo‘yicha 4 yilga qamalgan edi. 2022 yilning 22 dekabrida Pivovarov sud hukmi ustidan shikoyat qilinmaguncha Krasnodardagi SIZO-1dan boshqa joyga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.

18 yanvar kuni u Sankt-Peterburgdan bog‘langan, shundan beri uning oilasi va do‘stlari u haqida hech qanday ma’lumotga ega emaslar.

Mavzuga oid