Jahon | 10:55 / 18.02.2023
14286
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: «Ashan» Ukrainadagi Rossiya harbiylariga mahsulot yetkazib beryapti

Jurnalistlarning da’vo qilishicha, tinch aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish niqobi ostida Rossiyaning «Ashan» kompaniyasida Ukrainadagi rus harbiylari uchun mahsulot yig‘ilgan.

Foto: PA

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri Rossiyadagi «Ashan» tarmog‘i insonparvarlik yordami niqobi ostida Ukrainaning bosib olingan hududlarida rus harbiylari uchun tovarlar yetkazib bermoqda. Bu haqda The Insider, Le Monde va Bellingcat nashrlari tomonidan 17 fevral, juma kuni tarqatilgan qo‘shma tekshiruvda ma’lum qilindi.

Jurnalistlar «Ashan-Sankt-Peterburg» nazoratchisi Natalya Zelserning yozishmalari skrinshotini chop etishdi. 2022 yil 15 martda u hamkasblariga yig‘ilishi kerak bo‘lgan «gumanitar yordam» ro‘yxati bilan xat yuborgan. Tekshiruv mualliflariga ko‘ra, ro‘yxatdagi tovarlar faqat erkaklar uchun mo‘ljallanganligi aniq. «Insonparvarlik yordami» tarkibiga ustara, katta o‘lchamli erkaklar kiyimlari, yuzlab zajigalka va sigaretalar kiradi, ular odatda insonparvarlik yordami sifatida berilmaydi.

Muloqotda tovarlarni xaridor sifatida ko‘rsatilgan ikki kompaniya The Insider nashriga yordam aynan rus harbiylariga yetkazilganini tasdiqladi, biroq tafsilotlarni ochiqlashdan bosh tortdi.

Hisob-fakturalarda ko‘rsatilgan barcha kompaniyalar, surishtiruv mualliflari yozganidek, bir-biriga bog‘langan va shahar transport qo‘mitasiga qarashli Sankt-Peterburg davlat unitar korxonasi -  «Passajiravtotrans»ga xizmat qiladi.

Avvalroq Peterburg ijtimoiy siyosat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aleksandr Lyubimov «Transport qo‘mitasidagi hamkasblari bilan birgalikda» Mudofaa vazirligi uchun «gumanitar yordam» yetkazib berish uchun logistikani ishlab chiqishganini ma’lum qilgandi, deya eslatadi The Insider. Lyubimovning so‘zlariga ko‘ra, oktyabrgacha ular shu tarzda turli tashkilotlardan 280 tonna yig‘ib olishgan.

«Ashan» do‘konlarida «gumanitar yordam» yig‘ish punktlari Samara, Ribinsk va Vladimirda ham joylashgan, deb yozadi gazeta. «Ashan»ning Rossiya rahbariyati izoh berishdan bosh tortdi, Fransiyaning «Ashan» matbuot xizmati kompaniya siyosatdan tashqarida ekanligini va harbiy xizmatchilarni hech qanday qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanmayotganini aytdi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan keyin «Ashan» Rossiya bozorini tark etishdan bosh tortgan yirik xalqaro kompaniyalardan biriga aylandi. Mart oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fransuz tarmog‘ini bunga chaqirgan edi. Ammo rahbariyat bu taklifni rad etdi.

«Biz do‘konlarimizda har kuni ukrainlar va ruslar uchun non pishiramiz, bu ayni paytda juda muhimdir. Brend 20 yildan beri mavjud bo‘lgan Rossiyada bizning 30 mingga yaqin xodimimiz bor. Biz diskaunter sifatida ishlaymiz va yuqori inflatsiya davrida aholining xarid qobiliyatini himoya qilish uchun o‘z hissamizni qo‘shamiz, deb ishonamiz. Agar «Ashan» ketsa, biz 30 ming kishini ishdan bo‘shatamiz, ularning 40 foizi xodimlar va aksiyadorlardir», dedi Auchan France bosh direktori Iv Klod. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid