Jahon | 08:29 / 18.02.2023
10776
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «xorijiy agentlar» reyestri yana uch kishi bilan to‘ldirildi

Rossiya Adliya vazirligi Andrey Loshakdan tashqari tarixchi Andrey Zubov va «Vozrojdeniye» maktabini «xorijiy agentlar» reyestriga kiritdi.

Andrey Loshak / Foto: SOVA

17 fevral, juma kuni Rossiya Adliya vazirligi «xorijiy agentlar» reyestriga yana uch nafar kishini qo‘shdi. Ro‘yxatga jurnalist Andrey Loshak, tarixchi Andrey Zubov va «Vozrojdeniye» erkin ijtimoiy fikr maktabi kiritildi.

Adliya vazirligi xabarida aytilishicha, Loshak «xorijiy agentlar» tomonidan materiallarni yaratish va tarqatishda ishtirok etgan, Rossiya davlat organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar va ularning siyosati, shu jumladan Mudofaa vazirligi faoliyati to‘g‘risida «salbiy ma’lumot» tarqatgan. shuningdek, Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan va «xorijiy tuzilmalar bilan faol hamkorlik qilgan».

Zubov, Adliya vazirligiga ko‘ra, shuningdek, «xorijiy agentlar» tomonidan materiallarni yaratish va tarqatishda ishtirok etgan va bundan tashqari, Rossiya rasmiylari faoliyati haqida «noto‘g‘ri ma’lumot» tarqatgan. Agentlik tarixchining xorijda yashayotgani va xorijiy universitetda dars berishini alohida ta’kidladi.

«Vozrojdeniye» maktabi, vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, amaldagi hukumatga qarshi kurash va Rossiya konstitutsiyaviy tuzumini o‘zgartirishga chaqiriqlar bilan chiqqan. Ilgari uning ko‘plab ma’ruzachilari, jumladan, Yekaterina Shulman, Dmitriy Kolezev, Yevgeniy Chichvarkin, Yevgeniy Royzman va boshqa taniqli shaxslar «chet el agentlari» deb e’lon qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid