Jahon | 14:37 / 19.02.2023
15434
3 daqiqa o‘qiladi

Damashqqa raketa zarbalari yo‘llandi. Suriya bunda Isroilni ayblamoqda

Suriyalik harbiylar yakshanbaga o‘tar kechasi mamlakat poytaxti Damashqqa berilgan raketa zarbalari oqibatida besh kishi halok bo‘lganini xabar qildi. Ularning tasdiqlashicha, zarbalar Isroil tomonidan yo‘llangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Davlat nashrlari harbiy manbaga asoslangan holda vaqt yarim tundan o‘tganda Isroil poytaxtning bir qancha tumanlariga aviazarbalar bergani, natijada besh kishi halok bo‘lgani, ulardan biri harbiyligi haqida xabar bergan. Xabarlarga ko‘ra, yana 15 kishi yaralangan.

Zarba oqibatida Damashqning tarixiy markazida joylashgan Ummaviylar masjidi yaqinidagi aholi zich yashovchi Kafr Souza tumanida bir necha binolar shikastlangan.

Arxiv foto

Bu hududda maxsus xizmatlarning yaxshi qo‘riqlanadigan katta majmuasi joylashgan. Reuters xabariga ko‘ra, harbiylar yashovchi ko‘p qavatli bino aholi uylari o‘rtasida joylashgan.

Isroillik harbiylar Reuters agentligiga bu hodisa bo‘yicha izoh berishni istamagan. Isroil Suriyada Eron va «Hizbulloh» bilan aloqador bo‘lgan nishonlarga tez-tez hujum qilib turadi, ammo doim ham javobgarlikni zimmasiga olmaydi.

Yakshanba kungi hujum 12 kun muqaddam mamlakat shimoli-g‘arbida va qo‘shni Turkiya janubi-sharqida sodir bo‘lgan 7,8 magnitudali vayronkor zilziladan buyon birinchisi bo‘ldi.

Suriya rasmiy shaxslariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 00:22 da berilgan zarbalar Damashq tashqarisidagi bir qancha uylarga ham shikast yetkazgan. Mamlakat mudofaa vazirligiga ko‘ra, raketalar 1981 yilda Isroil tomonidan annexia qilingan Jo‘lan tepaliklaridan uchirilgan.

2008 yil fevralida Kafr Souzada avtomobilga o‘rnatilgan bomba portlatilishi oqibatida «Hizbulloh» yetakchilaridan biri Imad Mugniye halok bo‘lgandi.

Eron so‘nggi yillarda Suriyadagi harbiy mavjudligini oshirdi va davlat nazoratidagi ko‘plab hududlarda mustahkam joylashdi - Reuters g‘arb davlatlari razvedkalaridagi manbalarga tayanib yozishicha, bu hududlarda Eronga bo‘ysunuvchi minglab ko‘ngilli jangchilar va mahalliy harbiy tuzilmalar harakatlanadi.

Suriya prezidenti Bashar Asadning hukumati hech qachon mamlakatdagi fuqarolik urushida Eron kuchlari uning nomidan harakatlanishini tan olmagan, shu bilan birga Erondan harbiy maslahatchilar borligini tan olgan.

Mavzuga oid