O‘zbekiston | 21:10 / 20.02.2023
5900
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Misrga tashrifini Ahmad Farg‘oniy merosi ziyoratidan boshladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifini Ahmad Farg‘oniy merosi ziyoratidan boshladi.

Ma’lumki, Ahmad Farg‘oniy o‘z davrining yetuk astronomi, matematigi va geografi bo‘lgan, Bag‘dod va Damashqda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazgan, 856 yildan esa Qohirada yashab, umrining so‘ngiga qadar Misrda ilm-fan bilan shug‘ullangan.

Olim ko‘plab muhim kashfiyotlar qilgan. Jumladan, 861 yilda Nil daryosidagi Ravza orolida suv sathini o‘lchaydigan inshoot barpo ettirgan. “Miqyos an-Nil” nomi bilan mashhur bu qurilma qishloq xo‘jaligi va iqlimni baholashda juda muhim bo‘lgan. Qariyb 1200 yil davomida inshootdan o‘tgan asrgacha uzluksiz foydalanilgan. Bugungi kunda esa u turistik maskanga aylantirilgan.

2007 yilda Miqyosi Nil yaqinidagi xiyobonda Ahmad Farg‘oniyga haykal o‘rnatilgan. Prezident uning poyiga gulchambar qo‘yib, mutafakkir bobomizning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

So‘ng davlat rahbari Miqyosi Nil inshootini ko‘zdan kechirdi, uning tarixi, Ahmad Farg‘oniy ilm-fanga qo‘shgan hissasi haqida olimlar bilan suhbatlashdi. Ulug‘ allomaning hozirgacha saqlanib kelayotgan merosi, umuman, o‘zbeklarning Misr tarixidagi o‘rni xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlikdan dalolat berishi ta’kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid