Jahon | 12:34 / 21.02.2023
28675
4 daqiqa o‘qiladi

Kremlning maxfiy strategiyasida Belarus egallab olinishi tasvirlangan - OAV

Yevropa ommaviy axborot vositalari jurnalistlari konsorsiumi Kremlning «Rossiya Federatsiyasining Belarusdagi strategik maqsadlari» nomli maxfiy hujjatini qo‘lga kiritdi. Yevropa jurnalistlariga ko‘ra, Rossiya 2030 yilgacha Belarusni bosib olishni rejalashtirmoqda.

Foto: Reuters

Jurnalistlar Rossiya hukumatining «Rossiya Federatsiyasining Belarusdagi strategik maqsadlari» deb nomlangan ichki hujjati bilan tanishdilar, unda Belarus Respublikasining 2030 yilgacha Rossiya Federatsiyasiga bosqichma-bosqich to‘liq qo‘shilishi nazarda tutilgan. Surishtiruvda Süddeutsche Zeitung, WDR, NDR, Yahoo News, Delfi Eesti, Expressen va Independent nashrlari, VSquare va Fronstory loyihalari, «Dose» markazi hamda Belarus surishtiruv markazi ishtirok etdi.

2021 yilning yoziga tegishli 17 sahifalik hujjatda Kremlning Belarusdagi siyosiy, harbiy, iqtisodiy va ijtimoiy maqsadlari sanab o‘tilgan. Ushbu maqsadlar uch toifaga bo‘lingan - qisqa muddatli (2022 yilgacha), o‘rta muddatli (2025 yilgacha) va uzoq muddatli (2030). 

Strategiya «Rossiya Federatsiyasining ijtimoiy siyosat, savdo, iqtisodiyot, fan, ta’lim va madaniyat sohasidagi ta’sirini ta’minlash»ni nazarda tutadi. Bunga, xususan, Belarus Respublikasi fuqarolari tomonidan Rossiya pasportlarini olish tartibini soddalashtirish orqali erishish rejalashtirilgan - «integratsiyaga qiziqqan ruslar qatlamini va Rossiya bozoriga yo‘naltirilgan ishbilarmon doiralarni yaratish uchun». Mualliflar ta’limni boshqa vosita sifatida ko‘rishadi: 2030 yilga borib, Belarusda rus maktabini bitirish uchun yagona davlat imtihonini («YeGE») topshirish punktlarini ochish rejalashtirilgan. 

Hujjatda, shuningdek, 2022 yil fevraldagi «umumxalq referendumida» «ma’qullangan» Belarus Konstitutsiyasi islohoti Rossiya manfaatlariga mos kelishi va Belarus Respublikasi qonunlari Rossiya Federatsiyasi qonunlariga «uyg‘unlashtirilishi» kerakligi ta’kidlangan. 

Hujjatda maqsadlardan tashqari, Kremlga ko‘ra, Rossiyaning Belarusdagi rejalarini buzishi mumkin bo‘lgan tahdidlar ham bor. Strategiya mualliflari Lukashenkoning NATO bilan yaqinlashishi ehtimoli, unga «millatchi va g‘arbparast siyosatchilar»ning ta’siri, Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinalarini Amerika va Yevropa vaksinalariga almashtirish, shuningdek, ta’lim tizimining belarus tiliga to‘liq tarjimasini ushbu tahdidlar sifatida ko‘rsatgan.

E’lon qilingan hujjatning haqiqiyligini to‘liq tasdiqlash mumkin emas, lekin G‘arb ekspertlari uning haqiqiyligiga ishonyapti.

«Hujjat mazmuni mutlaqo ishonarli va biz ko‘rayotgan narsalarga mos keladi», dedi G‘arb razvedkasining yuqori martabali xodimi Süddeutsche Zeitung gazetasiga. «Tashqi ko‘rinishida hujjat Rossiya byurokratiyasi yoki siyosiy ma’muriyatining standart hujjatiga o‘xshaydi», dedi Stokholm Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi (SCEEUS) direktori o‘rinbosari Martin Krag.

AQShning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)dagi elchisi Maykl Karpenter Rossiya Federatsiyasining Belarusga nisbatan maqsadlari xuddi Ukrainaga aloqador rejalar bilan bir xil ekanini ta’kidladi. «Faqat Belarusda bu urushga emas, majburlashga tayanadi. Lekin yakuniy maqsad baribir to‘liq qo‘shib olishdir», - dedi u. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, strategiyaning ayrim elementlari, xususan, Rossiya pasportlarining ommaviy berilishi Kreml tomonidan boshqa mamlakatlar va mintaqalarda, masalan, Abxaziya, Janubiy Osetiya va Ukraina sharqida okkupatsiyadan keyin qo‘llangan. 

2021 yil noyabrida Putin va Lukashenko Rossiya va Belarus integratsiyasi rejasini imzoladi. U integratsiyaning turli jihatlariga, jumladan, harbiy va iqtisodiy jihatlarga bag‘ishlangan 30 ga yaqin «yo‘l xaritalari»dan iborat. Belarus aholisi o‘z mamlakatining Rossiya bilan integratsiyalashuviga qarshi bir necha bor norozilik namoyishlari o‘tkazgan. 

Mavzuga oid