Iqtisodiyot | 15:05 / 21.02.2023
28147
6 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonliklarni tinglaymiz” - Jahon banki navbatdagi so‘rov natijalarini e’lon qildi

Jahon banki tadqiqotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining aksariyati olib borilayotgan davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, fuqarolarda korrupsiyaga qarshi kurashdan qoniqish darajasi pasayyapti. So‘rovlardan ko‘rinishicha, aholining eng nekbin kayfiyati 2019 yil bahor-yoz oylariga to‘g‘ri keladi. O‘zini kambag‘al deb hisoblovchilar soni 4 yil ichida 2 barobarga kamaygan.

Jahon banki o‘zbekistonliklar o‘rtasida energiya uzilishlari, inflatsiya va korrupsiyani idrok etish, shuningdek, nekbinlik, barqarorlik va daromadlar o‘sishi borasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

Bank so‘rovlarni "Taraqqiyot strategiyasi" markazi va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil qilgan.

Jahon banki iqtisodchisi Uilyam Zeytsning yozishicha, xalqaro moliya tashkiloti “O‘zbekistonliklarni tinglab” so‘rovnomasini 5 yildan beri o‘tkazmoqda.

Navbatdagi so‘rovnoma natijalari 2018 yil sentabrdan 2022 yil oxirigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan. Kun.uz so‘rov natijalari aks etgan ayrim grafikalarni qisman o‘zbek tiliga o‘girdi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda davlat siyosatining aholi o‘rtasida qo‘llab-quvvatlanishi yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Respondentlarning aksariyati “Mamlakat islohotlarning to‘g‘ri yo‘lidan ketyapti” degan fikrga qo‘shilishini bildirgan.

Jahon bankining aniqlashicha, o‘zbekistonliklarning iqtisodiy holati pandemiya va urushdan keyin tiklana boshlagan. 2021 yil oxirida 60 foiz respondent hech qanday jamg‘armasi yo‘qligini aytgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yil oxirida 57 foizga tushgan. Ya’ni 2023 yil dekabrdagi so‘rov ishtirokchilarining 43 foizi moliyaviy jamg‘armasi borligini aytgan.

Ahamiyatlisi, 2021 yil yanvar–aprel oylarida jamg‘armaga ega bo‘lmaganlar ulushi 55 foizdan kam bo‘lmagan. Bunga teskari, 2022 yilning yanvaridan sentabrgacha bo‘lgan davrda jamg‘armasi yo‘q respondentlar ulushi 57 foizdan pastga tushmagan.

“Hozir – ish topish va biznes boshlash uchun qulay fursat” deb hisoblovchilar soni umumiy tendensiyada kamayib boryapti. O‘zbekistonliklar 2019 yilning yozida bu borada eng nekbin bo‘lganini ko‘rish mumkin. O‘shanda “hozir ish topish oson” deb hisoblovchilar 65 foizdan, “hozir biznes boshlash oson” deb hisoblovchilar esa 80 foizdan oshgan.

2019 yilning bahor va yoz oylarida o‘zbekistonliklarda nekbinlik ancha yuqori bo‘lganini boshqa ko‘rsatkichlar ham tasdiqlaydi. O‘sha vaqtda “inflatsiya – mamlakat oldidagi asosiy muammo” degan fikrdagi insonlar ulushi 25 foizgacha tushgan (hozir – 90 foiz).

“Narxlar haddan tashqari tez o‘syapti” degan fikrga qo‘shiladiganlar ulushi esa 50 foizdan past bo‘lgan (hozir – qariyb 90 foiz).

So‘nggi so‘rovlarda hukumatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatidan 75 foiz respondent qoniqish bildirgan. 2018 yil sentabrda bu ko‘rsatkich 95 foiz bo‘lgani e’tiborga molik.

Ayni paytda, o‘zini kambag‘al deb hisoblovchilar soni kamayib boryapti. 2018 yil oxiridagi so‘rovlarda 22 foiz respondent o‘zini kambag‘al deb hisoblashini bildirgan bo‘lsa, oradan 4 yil o‘tib bu raqam 10 foizga tushgan.

Aholi daromadlari inflatsiyaga qaraganda sezilarli ravishda tezroq o‘smoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqibatlari o‘z oilasiga yoki O‘zbekistonga ta’sir qilishidan xavotir bildirgan o‘zbekistonliklar ulushi 2022 yil bahorida 65-75 foiz bo‘lgan bo‘lsa, keyinroq xavotir ko‘lami sezilarli kamaygan.

Uilyam Zeytsning qayd etishicha, 2022 yilda Markaziy Osiyodagi uy xo‘jaliklarining pul o‘tkazmalari orqali olgan daromadlari o‘sib, kambag‘allikning qisqarishida muhim o‘ringa ega bo‘lgan. Bu borada hududlar o‘rtasidagi farq qisqarib borayotgani kuzatilmoqda.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan keyin, O‘zbekistonda bir yoki bir necha a’zosi muhojirlikda bo‘lgan oilalar ulushi 2022 yil yanvardagi 8 foizdan 2022 yil martida 3 foizga tushib ketgan. Shundan keyingi oylarda muhojirlarning oilalari ulushi yana 9 foizgacha o‘sib, sentabr oyida – Rossiyada harbiy safarbarlik e’lon qilingach uch oy ichida 6 foizgacha tushgan.

2022 yil kuz-qish mavsumidagi keng ko‘lamli energiya uzilishlaridan keyingi aholi kayfiyati Jahon banki so‘rovnomasida ham aks etdi. 2022 yil dekabr natijalariga ko‘ra, 60 foizdan ko‘proq respondent elektr energiyasini jiddiy muammo deb hisoblaydi. Taqqoslash uchun, bir yil oldingi qishda bu ko‘rsatkich ikki barobar past – 30 foiz bo‘lgan.

Jahon banki energetika islohotiga ham e’tibor qaratgan. O‘zbekistonda aksariyat kommunal xizmatlar, jumladan, elektr, gaz va suv uchun tariflar hozirda xizmat ko‘rsatish narxidan pastroq qilib belgilangan. Davlat tariflarni budjetdan subsidiyalaydi.

Xalqaro tashkilot bu tarzdagi qo‘llab-quvvatlash regressiv shakl ekanini bildiradi. Ular kam ta’minlanganlarga qaraganda yuqori daromadli odamlarga ko‘proq foyda keltiradi. Tariflar bozor narxidan past va ular xarajatlarni qoplay olmaydi. Natijada texnik xizmat ko‘rsatish kechikadi va bu sohalar investitsiyalarni jalb qilmaydi. Xususiy sektor (bu yo‘nalishlarga) kirishga qiynalmoqda, chunki investitsiya imkoniyatlari cheklangan. Bu, o‘z navbatida, tizimda uzilishlarni yuzaga keltiradi.

Isitish mavsumida uzilishlar ko‘paysa-da, 80 foiz respondent tarif islohotini qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan.

Shu bilan birga, qo‘llab-quvvatlovchilar ulushi oshyapti. Xizmat sifatini yaxshilash uchun elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirish kerak degan fikrga qo‘shiluvchilar 2022 yil noyabr oyida tegishlicha 21 va 18 foiz bo‘lgan. 2020 yil bahorida esa – 5 foiz.

Mavzuga oid