Iqtisodiyot | 22:16 / 21.02.2023
32223
11 daqiqa o‘qiladi

Urgut EIZ boshqa hududlarga ham tarmoqlanyapti - bu imtiyoz olish yo‘limi?

Samarqanddagi Urgut erkin iqtisodiy zonasining Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryodagi filiallari paydo bo‘lmoqda. Bu hududlardagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar tanlangan. Adliya vazirligi bu jarayonning huquqiy asosi yo‘qligini bildirganiga qaramay, loyiha tasdiqlangan. Iqtisodchi EIZlar rezidentlariga katta soliq imtiyozlari berilgani uchun uning hududlarini kengaytirish harakati ketayotganini aytmoqda.

Samarqand viloyatidagi Urgut erkin iqtisodiy zonasi Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanidagi 22,3 gektar yer maydoni hamda Qashqadaryoning Kitob tumanidagi 37,4 gektar yer maydonlari hisobiga kengaytirilmoqda.

Ya’ni Beruniy va Kitob tumanlarida Urgut EIZning filiallari tashkil qilinmoqda.

Buning uchun Beruniy va Kitob tumanlaridagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar transport, aloqa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi.

Toifasi o‘zgartirilayotgan yerlar Beruniy tumanidagi “Abay” MFY hududidagi va Kitob tumanidagi “Makrid” va “Sho‘robsoy” MFYlarining tuman zaxirasidagi yerlar hisoblanadi.

Adliya vazirligi bu qaror qabul qilinishidan oldin loyiha haqida salbiy xulosa bergan. Hujjat nusxasi Kun.uz'da bor. Unda aytilishicha, Beruniy va Kitob tumanlarida Urgut EIZning filiallarini tashkil qilish qonunbuzilish holatlariga sabab bo‘ladi.

“Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, maxsus iqtisodiy zonalar bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat mulki obektlari, ma’muriy-hududiy tuzilmalar hududlari negizida, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda tashkil etilishi belgilangan.

Biroq Beruniy tumanidagi 22,3 gektar yer maydoni hamda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 37,4 gektar yerlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar hisoblanadi. Qarorda esa bu yerlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazilishi belgilangan.

Bundan tashqari, biror hududdagi erkin iqtisodiy zonaning filiali umuman boshqa hududda tashkil qilinishi “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilmagan.

Adliya vazirligining xulosasida, bu borada shunday deyiladi:

O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasiga asosan, ma’muriy-hududiy tuzilish O‘zbekiston Respublikasi hududini ma’muriy-hududiy birliklarga bo‘lishni anglatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 68-moddasi hamda «O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat.

Bundan tashqari, "Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonunning 23-moddasiga asosan, maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari orasidan tuziladigan kollegial organ bo‘lib, unga maqomi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, tegishli viloyat hokimi va Toshkent shahar hokimi bo‘lgan rais rahbarlik qiladi.

Biroq “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunda O‘zbekiston Respublikasining bir nechta ma’muriy-hududiy birligi negizida yagona maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi yoki bir ma’muriy-hududiy birligida tashkil etilgan maxsus iqtisodiy zonaning hududini boshqa ma’muriy-hududiy birlikdagi yer maydonlari hisobiga kengaytirish bilan bog‘liq normalar belgilanmagan”, – deyiladi vazirlik xulosasida.

Vazirlik xulosasi davomida Samarqand viloyati hududida tashkil etilgan Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 22,3 gektar yer maydonida hamda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 37,4 gektar yer maydonlarida kengaytirish "Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonun talablariga zid hisoblanishini aytilgan.

“Bu kelgusida "Urgut" erkin iqtisodiy zonasining mazkur ma’muriy-hududiy birliklardagi hududlarini ma’muriy jihatdan boshqarishda turli muammolarni keltirib chiqaradi”, – deyilgan xulosada.

Yuqoridagilardan kelib chiqib vazirlik yagona maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi yoki bir ma’muriy-hududiy birligida tashkil etilgan maxsus iqtisodiy zonaning hududini boshqa ma’muriy-hududiy birlikdagi yer maydonlari hisobiga kengaytirish borasida xorijiy tajriba o‘rganib chiqilishi zarurligini ta’kidlagan. Shuningdek, mazkur masala huquqiy jihatdan maqsadga muvofiq deb topilganda, uning huquqiy asoslari “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunda belgilab berilishi, bunda uni ma’muriy jihatdan boshqarish bilan bog‘liq masalalar inobatga olinishi lozimligi qo‘shimcha qilingan.

“Tavsiyaviy xarakterga ega tavsiyalar”

Adliya vazirligi ijobiy xulosa bermasa-da, normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Vazirlik rasmiysi Urgut EIZ hududini kengaytirishga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasi yuzasidan bergan xulosasi haqida Kun.uz’ga tushuntirish berdi.

“Adliya vazirligi ekspertizaga kelgan hujjatlar bo‘yicha o‘z taklif va e’tirozlarini beradi. Lekin qabul qilish yoki qilmaslik masalasi hujjatni tayyorlovchi organ ixtiyorida bo‘ladi. Tavsiyalar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi”, – dedi vazirlik mas’uli.

Urgut EIZning boshqa hududlarda filiallari bungacha ham bor edi

Urgut EIZni kengaytirish yoki uning filialini boshqa ma’muriy hududiy birliklarda tashkil etish bilan bog‘liq bunday qarorlar qabul qilinishi faqatgina Beruniy va Kitob tumanlari bilan sodir bo‘lmadi.

2021 yilning 4 noyabrdagi Urgut erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror bilan Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar)larida va Surxondaryo viloyatining Denov tumanida Urgut EIZ filiallari tashkil qilingan.

“Mazkur qaror qabul qilinishidan maqsad Samarqand hamda Surxondaryo viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatini kompleks rivojlantirish, mineral xomashyo va qishloq xo‘jaligi resurslarini chuqur qayta ishlash orqali innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirishga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish hamda aholi farovonligini oshirishdan iborat”, – deyiladi Urgut EIZning rasmiy xabarida.

Urgut EIZ 2018 yilda Samarqand viloyatidagi “Xishrav-2” massivi yer maydonlari hisobiga kengaytirilgan. 2021 yilning mart oyida Samarqand viloyatidagi O‘ramas va Xisrav mavzelaridagi 344 gektar yer hisobiga EIZ yana kengaytirildi – bunda 61,3 gektar yer qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar edi.

Bundan ko‘rinadiki, Urgut erkin iqtisodiy zonasi 2018 yilda Samarqand viloyatidagi hududlar evaziga kengaytirilgan. Keyingi paytlardagi Urgut EIZning “semirishi” Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ko‘chdi.

Bu manipulyatsiyami?

Iqtisodchi Otabek Bakirov EIZlar hududini noqonuniy kengaytirish masalasiga e’tibor qaratarkan, har bir viloyatda 100 tadan korxonalar uchun yirik maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish to‘g‘risidagi loyiha o‘tmay qolgani uchun EIZlar hududini kengaytirish manipulyatsiyasi ishga tushganini aytmoqda.

Chunki erkin iqtisodiy zonalar rezidenti bo‘lib olgan sub’yektlar yer, mulk va suvdan foydalanganlik soliqlarini to‘lamaydi. Loyiha bilan bog‘liq texnologiya va xomashyo olib kirishda bojlardan ozod qilingan. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini soddalashtirilgan va tez muddatlarda qaytarib oladilar. Qator erkin iqtisodiy zonalar rezidentlari yana boshqa soliqlar, xususan foyda solig‘i to‘lashdan ham ozod qilingan.

“2023 yil O‘zbekiston budjeti uchun juda og‘ir keladi va buning yanvar oyidayoq og‘rig‘i sezilmoqda. Budjetning daromad va xarajatlari 15 yanvargacha ochiqlanib borildi-da, keyin farq kattalashib ketayotgani haqidagi mulohazalardan keyin bu to‘g‘rida axborot berish ham to‘xtab qoldi.

Soliq tushumlari bilan bog‘liq vaziyat o‘ta murakkab. Parazit bizneslar qancha ko‘p soliq to‘lamasa, uning yuki qolganlarga, imtiyozlarga ega bo‘lmaganlarga, oddiy aholiga va kichik biznes yelkasiga tushaveradi.

Shuning uchun, toki erkin iqtisodiy zonalar va ularning rezidentlari faoliyati muvofiqligi to‘liq taftishdan o‘tkazilmagunicha, yangi zonalarni tashkil qilish, kengaytirish, yangi rezidentlarni qabul qilishni taqa-taq to‘xtatib turish kerak”, – deb yozdi u.

Urgut erkin iqtisodiy zonasi haqida

Urgut erkin iqtisodiy zonasi 2017 yilda tashkil etilgan. EIZni tashkil qilishdan maqsad – tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan mineral-xomashyo va qishloq xo‘jaligi resurslarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlarni yaratish.

2017 yildagi prezident farmonida nafaqat Urgut, balki “G‘ijduvon” EIZ, “Qo‘qon” EIZ va “Hazorasp” EIZlarni ham tashkil qilish ko‘zda tutilgandi. Ushbu EIZlar hududlarida alohida soliq, bojxona va valuta rejimi amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Kun.uz Urgutda EIZga yaqin uylar buzilishi mumkinligi, bu haqda aholiga ogohlantirish xatlari yuborilgani haqida yozgandi.

Tuman hokimligi aholiga haqiqatan shu mazmundagi xat yuborilganini tasdiqlagan. Aholiga yuborilgan xatda Urgut erkin iqtisodiy zonasining Mergancha massividagi sanoat korxonalari bilan qo‘shilib ketgan aholi turar joy binolarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xatlov natijasi bo‘yicha turar joy binolarini ko‘chirish orqali hududning bosh rejasiga o‘zgartirish kiritish yuzasidan taklif ishlab chiqish, xatlovda aniqlangan uy-joy binolarining ko‘chirilishi haqida ogohlantirish berilishiga doir topshiriq bo‘lgan.

Kun.uz maqolada sanoat hududi aholi yashash punktlariga kirib borayotganiga e’tibor qaratgandi.

Madina Ochilova,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid