Jahon | 16:40 / 01.03.2023
13128
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda oblastlarning sovetcha nomlaridan voz kechish taklif etildi

Ulitov oblasti rahbari Qozog‘istonda hamon ayrim regionlar sovetcha nomlarini saqlab qolayotganiga e’tiroz bildirib, Pavlodar oblastini Bayanovul deb qayta nomlashni taklif etdi. Mamlakat hukumati «mafkuraviy jihatdan» eskirgan minglab nomlar o‘zgarishini anons qilgan.

Foto: Yakov Knyazev / TASS

Ulitov oblasti akimi (rahbari) Berik Abdigaliuli «Ulitov oblastining ma’naviy taraqqiyoti» nomli anjumanda Qozog‘istondagi sovetcha nomlar qozoqchaga o‘zgartirilishi respublika aholisini ilhomlantirishi haqida gapirgan.

«Chunki sovetlar davrida oblastlarga ma’muriy nom berish an’anasi bo‘lgan. Hozirga qadar shunday nomlarini saqlab qolgan regionlar bor», — degan Abdigaliuli.

Informburo nashri xabariga ko‘ra, u Pavlodar oblastini Bayanovul, Shimoliy Qozog‘iston oblastini Qiziljar, G‘arbiy Qozog‘iston oblastini Akjayik, Sharqiy Qozog‘iston oblastini esa Altay oblasti deb qayta nomlashni taklif etgan. Akim bular «ming yillik tarixga ega muqaddas yerlar» ekanini ta’kidlagan.

U yaqinda tashkil etilgan Jyetisuv va Abay oblastlari (ular avval Almati va Semipalatinsk oblastlari tarkibida bo‘lgan) «qozoqlarning muqaddas yerlari va buyuk shaxslari sharafiga nomlangani»ni eslatgan. U bir yil oldin tashkil etilgan va o‘zi rahbarlik qilayotgan Ulitov viloyatini Markaziy Qozog‘iston oblasti deb nomlash bo‘yicha takliflar bo‘lgani, ammo prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev «adolatli va tarixiy qaror» qabul qilganini aytib o‘tgan.

Qozog‘iston hukumati joriy yil fevralida 2025 yilgacha 3 ming aholi yashash manzillari va ko‘chalarning «mafkuraviy jihatdan eskirgan» nomlari o‘zgarishini anons qilgandi. Bosh vazir o‘rinbosari Altay Kulginov «tarixiy shaxslar» ro‘yxati tuzilib, yangi nom tanlashda ularga tayanilishini aytgan. «Nom tanlashda, albatta, mahalliy aholining fikri inobatga olinadi, taklif etilayotgan nomning tarixi o‘rganiladi», — degan u.

  • Ma’lumot uchun, nomlari Rossiya yoki sovetlar davri bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘chalar va aholi yashash manzillari nomlanishini o‘zgarish jarayoni ayni vaqtda Ukrainada amalga oshirilmoqda. Bu jarayon Rossiya bosqinidan keyin faollashgan.

Mavzuga oid