Jahon | 14:18 / 02.03.2023
12751
3 daqiqa o‘qiladi

Shols Putin bilan Ukraina bo‘yicha muzokaralar haqidagi talabni rad etdi

Muzokaralar tomoqqa tiralgan pichoq bilan o‘tkazilmaydi, deya ta’kidladi Olaf Shols. Uning ma’lum qilishicha, Ukrainaning o‘zini chetga surgan holda tinchlik o‘rnatib bo‘lmaydi. 

Foto: Anadolu agency

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainada tinchlik o‘rnatish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish talablarini keskin rad etdi. «Tomoqqa pichoq tiralganda, hech qanday muzokara bo‘lmaydi – qullikdan boshqa», — dedi u 2 mart, payshanba kuni Germaniya Bundestagida Rossiyaning Ukrainaga qurolli bosqini bir yilligiga bag‘ishlangan hukumat bayonotida.

«Ukrainaning o‘zini chetga surgan holda tinchlik o‘rnatib bo‘lmaydi. Rossiya ishg‘oli ostidagi ukrainaliklarni qanday taqdir kutayotganini bilamiz. Tinchlikka intilish kattaroq qo‘shniga qul bo‘lishni anglatmaydi. Agar Ukraina himoyalanishni to‘xtatsa, tinchlik bo‘lmaydi, bu - Ukrainaning oxiri», - deb ta’kidladi Shols. 

«Tinchlikka intilish tajovuzga aniq qarshilik ko‘rsatish demakdir. Aynan shu ishni 40 milliondan ortiq ukrainaliklar bir yildan ko‘proq vaqtdan beri qilmoqda. Biz ham shunday qilyapmiz, Ukrainaga kerak bo‘lgunicha yordam beramiz», - deydi Germaniya hukumati rahbari. 

Olaf Shols Germaniyadagi qator yirik mitinglarda yangragan Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatish talablarini tanqid qildi. «Agar Berlinda «Urushga yo‘q!» deb baqirsangiz va shu bilan birga, Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishga chaqirsangiz, tinchlikka erishib bo‘lmaydi», dedi kansler Rossiya ishg‘oli ostida Kramatorsk, Izyum va Mariupolda sodir bo‘lgan voqealarni eslab.

«Jabrlanuvchining irodasiga qarshi tinchlik qabul qilinishi mumkin emas. Bu nafaqat ma’naviy sabablarga ko‘ra, balki o‘z mamlakatimiz farovonligi, Yevropa va butun dunyo xavfsizligi haqida qayg‘urganimiz uchun ham qabul qilinishi mumkin emas», - deb tushuntirib berdi Shols. 

Olaf Shols, shuningdek, Xitoyni Ukrainaga qarshi urushda Rossiyaga qurol yetkazib berishdan bosh tortishga chaqirdi. «Agressor Rossiyaga qurol yetkazib bermang, o‘z ta’siringizdan foydalanib, Rossiyani qo‘shinlarini olib chiqib ketishga majbur qiling», - dedi u. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid