Navoiyda bitta, Buxoroda esa uchta tuman hokimi intizomiy jazoga tortildi
Karmana tumani hokimiga qishga tayyorgarlik ko‘rmagani uchun, Qorovulbozor, Peshko‘ hamda Buxoro tumani hokimlariga esa “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni qoniqarsiz tashkil qilgani uchun “hayfsan” berildi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning farmoyishi bilan Buxoro, Qorovulbozor va Peshko‘ tumani hokimlari hamda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari intizomiy jazoga tortildi. Hujjatga ko‘ra, ular 2023 yil bahor mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat va qalamchalar ekish ishlarini qoniqarsiz tashkil etgan.
Ta’kidlanishicha, viloyatda 2023 yil bahor mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha 9,7 mln dona ko‘cha va qalamchalar ekish reja qilingan. Tasdiqlangan jadvalga muvofiq ekish tadbirlari joriy yilning 1 fevralidan boshlanishi belgilangan. Ammo ayrim hududlarda jarayonga to‘liq kirishilmagani sababli bugungi kunda viloyat bo‘yicha 394,8 ming dona ko‘chat ekilgan.
Shuningdek, Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning farmoyishi bilan Karmana tumani hokimi Fahritdin Umarovga “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llangan. Bunga tuman hokimining ish faoliyati davomida o‘ziga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani, mehnat va ijro intizomini buzgani hamda qish mavsumini betalafot o‘tkazish ishlarini yetarlicha tashkil etmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Fahritdin Umarovga 4 oy oldin ham ayni shu sabab – o‘ziga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun “hayfsan” berilgandi. Ammo viloyat rahbarining bu farmoyishi E-qaror tizimidan o‘chirib yuborilgan.
Oldinroq poytaxtdagi 3 ta tuman hokimi qishga tayyorgarlik ko‘rmagani uchun intizomiy jazoga tortilgandi.
Mavzuga oid
13:31
Buxoro va Navoiyda saksovullarni sindirganlarga 43 mln so‘m jarima belgilandi
09:51 / 21.11.2024
Buxoroning ayrim hududlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
20:55 / 20.11.2024
“Eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz” – Buxoroda qurilishi bitmagan maktab-internat o‘quvchilari sarson bo‘lyapti
18:24 / 20.11.2024