Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy kichik iqtisodiy o‘sishni maqsad qilmoqda va mudofaa xarajatlarini oshirmoqda
Bundan tashqari Si Jinping hokimiyati yanada mustahkamlanyapti.
Dam olish kunlari Xitoyda an’anaviy «ikki» sessiya ochildi. Bular bir paytda boshlanuvchi, ammo qo‘shma bo‘lmagan Xitoy xalq siyosiy maslahat kengashi s’yezdi va Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi qurultoyidir. Ushbu yig‘inlarda allaqachon harbiy xarajatlarni oshirish va nisbatan past ko‘rsatkichlar ko‘zlangan iqtisodiy reja e’lon qilindi. Endi esa muhim rasmiyatchilik o‘tkaziladi — Si Jinping davlat rahbari sifatida tasdiqlanadi.
Xitoy xalq siyosiy maslahat kengashi (XXSMK) maslahat organi, Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi (BXVY) esa qonun chiqaruvchi organ hisoblanadi. BXVY shunchaki partiya va hukumatning qonunchilik tashabbuslarini tasdiqlovchi tuzilma bo‘lsa-da, aslida u sof nominal parlamentdir.
XXSMK sessiyasi 4 mart kuni, BXVY sessiyasi esa 5 mart kuni boshlandi. Har ikki s’yezd taxminan ikki hafta davom etishi kutilmoqda.
Hokimiyatni mustahkamlash
Si Jinping 2022 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan partiya qurultoyida Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) bosh kotibi va harbiy komissiya raisi etib uchinchi besh yillik muddatga saylanganidan beri birinchi marta BXVY sessiyasi o‘tkazilmoqda.
Si Jinpingning uchinchi marta saylanishi uzoq yillardan beri davom etayotgan hech bir partiya yoki davlat rahbari ikki muddatdan ortiq ishlamasligi an’anasiga barham berdi. 2018 yilgi BXVY yig‘ilishida qonunchilar prezidentlik muddati cheklovini bekor qilishni ma’qullashdi, bu esa Si Jinpingga hokimiyatda umrbod qolish imkoniyatini berdi.
Bu safar xalq vakillari Si Jinpingni prezident sifatida tasdiqlaydi va shu tariqa uning mamlakat ustidan nazoratini mustahkamlaydi. Bundan tashqari, prezident tarafdorlari orasidan yangi bosh vazir, moliya sektori va markaziy bank rahbarlari ham tayinlanishi kutilmoqda.
Xitoy rahbarining eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lmish Li Tsyan yangi bosh vazir bo‘lishi deyarli aniq. U XKPning Shanhay shu’basi kotibi bo‘lgan. Tsyan bu yerda 2022 yil noyabr oyida misli ko‘rilmagan norozilik harakatlarini keltirib chiqargan pandemiya paytidagi karantin qoidalarini nazorat qilgan.
Avstraliya Milliy universitetining Xitoy siyosati bo‘yicha eksperti Ven-ti Sun fikricha, hozir Xitoy konstitutsiyasiga yangi o‘zgartirishlar kiritadigan yangi siyosiy davr boshlanmoqda.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, o‘zgartirishlar ikki asos deb ataladigan nazariyani qonunlashtirishi mumkin — bu partiyaviy-siyosiy atama bo‘lib, Si Jinpingning XKP «yadrosi»ga aylanishini va uning g‘oyalarini partiyaning asosiy mafkurasi sifatida belgilovchi yangi ta’limotni anglatadi.
Bundan tashqari, qurultoyda hukumat funksiyalariga jiddiy o‘zgarishlar kiritilishi ehtimoldan xoli emas. Gap partiya va davlat institutlarini isloh qilishni chuqurlashtirish haqida bormoqda. Hozircha tafsilotlar yo‘q, ammo shunga o‘xshash hodisa 2018 yilda sodir bo‘lgan edi.
«Davrning oxiri: qayta tiklangan avtoritarizm Xitoyning yuksalishiga qanday putur yetkazmoqda» kitobi muallifi Karl Minznerning qayd etishicha, o‘shanda (2018 yilda) «Xitoy davlat byurokratiyasining ‘sezilarliʼ qayta taqsimlanishi» (partiya nazoratiga qaytish) yuz bergan. Misol tariqasida u Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi va Millatlar komissiyasining partiya tuzilmalari nazorati ostiga o‘tganini keltirgan.
Minzner hozirgi Kommunistik partiya rolini kuchaytirish tendensiyasi saqlanib qolishini hisobga olib, Xitoy iqtisodiyoti o‘sishiga juda pessimistik yondashadi.
«Pekinning XX asrning so‘nggi yigirma yilligi va XX asrning birinchi o‘n yilligida siyosiy islohotlarni chuqurlashtirishdagi muvaffaqiyatsizligi siyosiy tizimning, mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga joriy etishga qaratilgan barcha harakatlarga qaramay, o‘zini o‘zi yo‘q qilishiga olib keladi», deydi olim.
Kamtarona iqtisodiy o‘sish
Bosh omillar qatori, pandemiya davrida joriy etilgan keskin karantin choralari sabab o‘sishi ancha sekinlashgan iqtisodiyot haqiqatan ham Si Jinpingning Axilles tovoniga aylanishi mumkin.
Aftidan, shuning uchun ham Xitoyning muddati tugayotgan bosh vaziri Li Ketsyan BXVY delegatlari oldida so‘zlagan nutqida, 2023 yilda mamlakat «taxminan besh foiz» iqtisodiy o‘sishga harakat qilishini aytdi. Ushbu kamtarona ko‘rsatkich (so‘nggi o‘ttiz yildagi eng pasti) xalqni iqtisodiy barqarorlik tiklanganiga ishontirish uchun mo‘ljallangan. Si Jinping hokimiyatning barcha richaglarini o‘z qo‘liga jamlagan holda, mamlakatni hech bo‘lmaganda pandemiyadan oldingi o‘sish darajasiga qaytarmoqchi.
Xitoyning rasmiy iqtisodiy o‘sish maqsadlari so‘nggi o‘n yil ichida pasayib ketdi, chunki rasmiylar mamlakatning o‘sib borayotgan qarz yukini jilovlashga va karantin choralari sabab keskin pasayib ketgan ichki iste’molning o‘sishini rag‘batlantirishga harakat qilmoqda.
Goldman Sachs investitsion banki tahlilchilari fikricha, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich uch foizdan sal ko‘proqni tashkil etgani hisobga olinsa, bunday iqtisodiy o‘sishga erishish unchalik qiyin bo‘lmaydi. Ularning prognozlariga ko‘ra, koronavirus cheklovlari olib tashlanganidan keyin iste’mol o‘sishi hisobidan bu yil iqtisodiy o‘sish 5,5 foizgacha ko‘tariladi.
«Rasmiy e’lon qilingan ushbu iqtisodiy maqsad Xitoy hukumati yalpi ichki mahsulot o‘sishini iqtisodiy va moliyaviy siyosatning asosiy tamoyiliga qaytarish niyatida ekanini ko‘rsatadi. Lekin bir vaqtning o‘zida bu tezkor iqtisodiy o‘sish davri tugaganidan ham darak beradi», deydi Brukingz instituti katta ilmiy xodimi Esvar Prasad.
Harbiy xarajatlar
Kamtarona iqtisodiy o‘sish maqsadi fonida s’yezd harbiy xarajatlarni oshirdi. Pekin yillik harbiy budjetni 225 milliard dollargacha ko‘paytirdi. Biroq, Xitoyning ushbu oshirilgan harbiy budjeti ham Vashingtonning harbiy budjetidan sezilarli darajada (to‘rt barobar) kam.
Biroq, ba’zi tahlilchilar fikricha, Xitoy o‘z rasmiy mudofaa xarajatlari ko‘rsatkichlarini atayin kamaytirib ko‘rsatmoqda. Aslida harbiy xarajatlar ancha katta bo‘lishi mumkin.
Harbiy budjetdagi bu o‘sish qisman AQSh bilan munosabatlar yomonlashuvi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Fevral oyida AQSh osmonida Xitoyning yuqori balandlikdagi havo shari urib tushirildi. Vashington bu shar ayg‘oqchilik vazifalarini bajarganini iddao qildi va AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning Pekinga rejalashtirilgan tashrifi bekor qilindi. Xitoy tomoni bu o‘z yo‘lidan adashgan meteorologik havo shari bo‘lganini da’vo qilishda davom etmoqda.
Blinkenning tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni qandaydir tarzda barqarorlashtirishi mumkin edi.
Bosh vazir Li Ketsyan BXVY delegatlariga «Xitoyga bosim o‘tkazish va ushlab turish uchun tashqi harakatlar kuchayib borayotgani» va shuning uchun «qurolli kuchlar barcha sohalarda harbiy tayyorgarlik va shaylikni kuchaytirishi kerakligi»ni aytdi.
Bundan tashqari, Pekin uning Rossiya bilan munosabatlarini diqqat bilan kuzatayotgan G‘arb davlatlariga qandaydir tarzda javob berishi kerak. Bir tomondan, Xitoy Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini qayta-qayta ta’kidlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Rossiyaning qo‘shni davlatga hujumini haligacha qoralamadi. AQSh Pekin Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatish haqida o‘ylayotganini gumon qilmoqda.
Biroq, G‘arb va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilikning asosiy nuqtasi Tayvandir. AQSh rasmiylari Xitoy yaqin yillarda Tayvanga bostirib kirishga urinib ko‘rishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan.
Xitoy Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan hududi deb hisoblaydi va u ertami-kechmi yana Pekin nazoratiga qaytishi kerak deb biladi.
Mavzuga oid
08:43 / 11.06.2026
Jahon neft savdosi markazi Osiyoga ko‘chmoqda
22:15 / 09.06.2026
Xitoyda ilk marta odamga cho‘chqaning ikkita buyragi va jigari muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazildi
21:33 / 09.06.2026
Xitoyning o‘nlab kompaniyalari Pentagonning qora ro‘yxatiga kiritildi
20:27 / 09.06.2026