Jahon | 22:36 / 11.03.2023
51965
4 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda o‘zbekistonlik erkak gruzinlar tomonidan o‘ldirib ketilgani aytilmoqda

Federal qidiruv byurosiga ko‘ra, qotillikka tovlamachilik sabab bo‘lgan. 2022 yilning 26 iyun kuni bedarak yo‘qolgan Shehroz Tohirovning jasadi 2023 yil 21 fevral kuni topilgan.

Shehroz Tohirov qidirilayotgani haqidagi politsiya xabarnomasi
Foto: Amerika ovozi

Bruklin tumanida istiqomat qilgan, 2022 yilning 26 iyunida bedarak ketgan 43 yashar Shehroz Tohirovning jasadi 21 fevral kuni Bruklindan qariyb 200 kilometr olisdagi Ellenvil shahrida joylashgan uyning orqa hovlisidan topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, jasad otib o‘ldirilgan shaxsga tegishli bo‘lib, qotillik sanasi Tohirov yo‘qolgan kunga to‘g‘ri kelmoqda.

Federal prokuraturaga ko‘ra, jasad topilgan joy rus mafiyasi (AQShda kelib chiqishi sobiq ittifoqqa taqaluvchilardan iborat jinoiy to‘dalarni rus mafiyasi deb atashadi)ning qo‘nalg‘asi bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Jinoyat ishi Federal qidiruv byurosining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Yevrosiyo guruhi tomonidan tergov qilingan.

 “New York Daily News” sud hujjatlariga tayangan holda qotillikda gumonlanib qo‘lga olingan Shlomo Patchiyev va uning mamlakatdan qochib ketgan, ismi oshkor qilinmayotgan sherigi Shehroz Tohirov yo‘qolishidan oldin u bilan uchrashgani va 500 ming dollar talab qilgani haqida yozgan. Politsiya buni tovlamachilik sifatida malakalagan. Tomonlarni qimmatbaho soatlar savdosi bog‘lab turgani aytilmoqda.

O‘zbekistonlik erkakning jasadi topilgan joy
Foto: NYPD/Google

Qidiruv-surishtiruv xulosasida Tohirov 25 iyun kuni ertalab uyidan qo‘lida qora sumkada 100 ming dollar atrofida naqd pul bilan chiqqani keltirilgan. Tergovda aniqlanishicha, u Patchiyevning sherigiga ana shu mablag‘ni, bank hisobidan yechilgan yana 30 ming dollar (20 ming dollarlik bank cheki va 10 ming dollar naqd pul) va «Mersedes-Benz» rusumli avtomashinasini berib, ikki biznes sherigini tinchlantirishga umid qilgan.

Tohirov qarzini o‘z vaqtida qaytarmasa mashinasi hamkorlari nomiga o‘tkazilishiga rozilik berishi haqidagi hujjat Bruklindagi notarial idora tomonidan rasmiylashtirilgan.

Federal agentlar tomonidan o‘zbekistonlik erkakning jasadi ikkita katta sumkaga joylab ko‘milgani aytilmoqda. Mahalliy politsiyaga ko‘ra ushbu sumkalar Gruziyaga uchib ketgan gumonlanuvchilardan biri Tohirov o‘ldirilgan kuni kech soat 20:40 larda Bruklindan sotib olgan sumkalari bilan bir xil.

 Boshiga o‘q uzilgan Shehroz Tohirovning jasadi suratdagi uyning hovlisiga ko‘mib tashlangan
Foto: Hudsonvalley.news

OAVning yozishicha, Gruziyaga uchib ketayotgan paytda gumonlanuvchilardan birining yonidan 26500 dollar naqd pul va uyali telefon olib qo‘yilgan. Telefon apparati tekshirilganda unda ikki gumonlanuvchi va jabrlanuvchi o‘rtasidagi yozishmalar chiqqan. Jabrlanuvchi imzolagan notarius hujjatining fotonusxasi va katta miqdordagi naqd pulning videotasvirlari ham bo‘lgan.

Ish sudga oshirilgan. Biroq prokuratura tomonidan taqdim etilgan ko‘plab dalillar Patchiyev jinoyatni yashirgan va qotillikka aloqador odamligini tasdiqlab turgan bo‘lsa-da, sud dalillarni yetarli emas deb topgan. Shu bois Patchiyev 350 ming dollar miqdoridagi garov evaziga qo‘yib yuborilgan

Mavzuga oid