Jahon | 18:55 / 18.03.2023
8377
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Qora dengiz uzra dronlar parvozini qayta tikladi

Avvalroq, Qo‘shma Shtatlarning MQ-9 Reaper droni bilan Rossiyaning Su-27 samolyoti Qora dengiz ustida to‘qnashgach, parvozlar to‘xtatilgan edi.

Foto: The Pentagon/Handout via REUTERS

AQSh uchuvchisiz samolyotlarining Qora dengiz ustida parvozlarini qayta tikladi. Bu haqda Reuters xabar berdi. Avvalroq, Qo‘shma Shtatlarning MQ-9 Reaper droni bilan Rossiyaning Su-27 samolyoti Qora dengiz ustida to‘qnashgach, parvozlar to‘xtatilgan edi.

17 mart kuni mintaqaga RQ-4 Global Hawk droni yuborilgan, u Ruminiya havo hududidan 16 km balandlikka ko‘tarilgan va Qrimning janubi-sharqidagi xalqaro havo hududida parvoz qilgan. Agentlik suhbatdoshlaridan biri bu Rossiya qiruvchi samolyoti bilan sodir bo‘lgan voqeadan keyin dronning birinchi parvozi ekanini ta’kidlagan.

Biroq, CNN xabariga ko‘ra, AQSh avvalroq MQ-9 halokatga uchragan joyga o‘z dronini yuborgan edi. U yerda Rossiya harbiylari dron bo‘laklarini izlagan.

Rossiya qiruvchi samolyoti va AQSh droni bilan mojaro 14 mart kuni sodir bo‘ldi. Su-27 samolyoti MQ-9 Reaper droni parrakiga urildi. Oqibatda, AQSh harbiy-havo kuchlari o‘z dronini Qora dengizning neytral suvlariga cho‘ktirishga majbur bo‘ldi. Rossiya Mudofaa vazirligi MQ-9 boshqaruvni yo‘qotib, dengizga qulagani va cho‘kib ketganini da’vo qildi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qiruvchi samolyotlari dron parrakiga urilishdan oldin unga ataylab yoqilg‘i sepgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid