Jahon | 16:48 / 20.03.2023
11534
2 daqiqa o‘qiladi

XJS Rossiyani Ukrainadagi harbiy jinoyatlari uchun jazolashni va’da qildi

Foto: Picture Alliance

Xalqaro jinoiy sud (XJS) Ukrainada sodir etilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan harbiy jinoyatlar bilan bog‘liq holda zarur bo‘lgan «choralarni ko‘rishdan qaytmaydi», deb ma’lum qildi Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon Londonda 40 dan ortiq davlat adliya vazirlari bilan uchrashuvi oldidan

Konferensiya 17 mart kuni XJS tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, ukrainalik bolalarni urush paytida Rossiyaga deportatsiya qilishda ayblanayotgan Rossiya prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berganidan keyin o‘tkazilmoqda.

Qarorni izohlar ekan, Xon sud boshqa tergovlarni davom ettirayotganini, ammo ularni yakunlash uchun moliyalashtirish va texnik yordam zarurligini ta’kidladi. 

«Bizda jinoiy ta’qib qilish standartlari bor, biz ularga rioya qilishimiz kerak, - dedi XJS prokurori BBC efirida. - Biz bir vaqtning o‘zida hamma narsani qila olmaymiz. Bizda cheksiz resurslar yo‘q».

Uchrashuv oldidan Buyuk Britaniya bosh vaziri o‘rinbosari Dominik Raab Londondagi yig‘ilish ishtirokchilari Ukrainada harbiy jinoyat sodir etganlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha qo‘shma reja ishlab chiqish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi. 

Buyuk Britaniya bu yil XJSga taxminan 1,22 million dollar taqdim etishga va’da berdi. Anjumanda boshqa davlatlar ham Ukrainadagi harbiy jinoyatlarni tergov qiluvchi ushbu sudga qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini e’lon qilishlari kutilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid