Jahon | 13:03
471
4 daqiqa o‘qiladi

Litva XJSdan Ukraina energetikasiga RF zarbalari bo‘yicha tergov o‘tkazishni so‘ramoqda

Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budrisning Ukraina energetika infratuzilmasini bombardimon qilishga aloqador Rossiyaning yuqori lavozimli shaxslariga nisbatan genotsid aybi bilan hibsga olish orderlari berish haqidagi chaqiruvi XJS prokurori ofisiga yetib borgan. 

Foto: Alexandra von Nahmen/DW

Bu haqda XJS prokurori ofisi DW’ning Litva vazirining xatini sharhlash bo‘yicha so‘roviga javoban 4 fevral, chorshanba kuni taqdim etgan yozma javobda aytiladi.

XJS prokurori ofisida Litva TIV rahbari Kyastutis Budrisdan murojaat kelib tushgani tasdiqlandi. U murojaatda Ukraina energetika obektlariga ommaviy zarbalar uchun javobgar bo‘lgan Rossiya mansabdorlariga nisbatan yangi hibs orderlarini chiqarishga chaqirgan.

XJS faoliyati asos bo‘lgan Rim statutining 15-moddasiga ko‘ra, dunyoning istalgan mamlakatidan har qanday shaxs yoki shaxslar guruhi prokurorga ehtimoliy jinoyatlar haqida axborot taqdim etishi mumkin. Izohda ta’kidlanishicha, prokuror kelib tushgan ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi shart. Shu sababli prokuror ofisi odatda bunday murojaatlarga izoh bermaydi va ular kelib tushganini faqat yuboruvchi o‘zi bu haqda ochiq ma’lum qilgan taqdirda tasdiqlaydi. “Bu holatda biz tegishli murojaat olinganini tasdiqlay olamiz, chunki yuboruvchining o‘zi bu haqda omma oldida ma’lum qildi”, — deyiladi prokuror ofisi bayonotida.

Litva vazirining murojaatiga javoban keyingi protsessual qadamlar qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga XJSda shunday javob berildi: agar “taqdim etilgan ma’lumot allaqachon tergov qilinayotgan vaziyatga (xususan, ‘Ukrainadagi vaziyat’ ishi bo‘yicha rasmiy tergovga) potensial tegishli bo‘lsa, u tegishli tergov guruhiga yuboriladi va ular uni joriy tergov harakatlari doirasida baholaydi”.

Hozircha MUS prokurori ofisi Budris xatida keltirilgan aniq ayblovlar bo‘yicha izoh bera olmasligini bildirgan. Bunga asosiy sabab sifatida “tergovlar maxfiyligi va guvohlar hamda manbalarni himoya qilish zarurati” ko‘rsatilgan.

30 yanvar kuni Litva TIV mamlakat idorasi rahbari Kyastutis Budris XJS prokurorlariga Rossiyaning Ukraina energetika sektori va uning fuqarolik infratuzilmasiga qarshi ommaviy hujumlari haqida xat yo‘llaganini ma’lum qildi.

“Bu tizimli zarbalarning maqsadi aniq — qishning qahraton sovuqlarida Ukraina aholisini elektr, isitish va suvsiz qoldirish. Bunday harakatlarni ukrainlarni guruh sifatida jismonan yo‘q qilish niyatidan boshqa tarzda baholab bo‘lmaydi”, — dedi Budris. U, Litva fikricha, Rossiyaning bunday harakatlari genotsidga tenglashtirilishi mumkinligi va aynan genotsid sifatida tergov qilinishi kerakligini ta’kidladi.

2023 yil mart oyida XJS RF prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha vakolatli vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan hibs orderlari chiqargan. Ularga harbiy jinoyat — ukrain bolalarini noqonuniy deportatsiya qilish va ko‘chirish aybi qo‘yilgan.

2024 yil mart oyida sud RF uzoq masofali aviatsiyasi qo‘mondoni Sergey Kobilash va Qora dengiz floti qo‘mondoni Viktor Sokolovga nisbatan Ukraina energetikasi va fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar berganlik uchun hibs orderlari chiqardi.

2024 yil iyun oyida esa sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovga nisbatan fuqarolik obektlariga hujumlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar ayblovlari bilan hibs orderlari berilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid