Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev mahalla tizimi xodimlari va faollariga tabrik yo‘lladi
O‘zbekiston prezidenti mahalla tizimi xodimlari va faollariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
“Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun xalqimizni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan muhim sana – Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning hurmat-ehtiromimni bildiraman. Milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan mahallalarimiz go‘zal va betakror Vatanimizda tinchlik va ahillik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik makoniga aylangani bilan albatta barchamiz faxrlanamiz”, deyiladi tabrikda.
Qayd etilishicha, o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida keyingi yillarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ishlar avvalo bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlarga manzilli yordam ko‘rsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan uyg‘un holda olib borilayotgani aytiladi.
“Ayniqsa, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara bermoqda. Buning tasdig‘ini mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida ko‘rish mumkin. Birgina o‘tgan yilning o‘zida mahalla faollari ko‘magida yuz minglab ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangani, 9 ming 400 dan ortiq mahallaning qariyb 3 mingtasi yoki 31 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani shundan dalolat beradi”, deyiladi prezident tabrigida.
Bildirilishicha, mahallalarni obod qilish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar mamlakat qiyofasini tubdan o‘zgartirib, xalq turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. 2022 yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda boshqa dasturlar doirasida budjetdan ajratilgan qariyb 27 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 4 mingta mahallada keng ko‘lamli qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilgani, yuzlab maktab, bog‘cha, tibbiyot maskanlari barpo etilgani va yangilangani, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va issiqlik ta’minoti, yo‘l va transport tizimlari faoliyati yaxshilangani ta’kidlandi. 2023 yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da ushbu maqsadlar uchun yana 5 ming 800 ta mahallaga 30 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
“Eng muhimi, yurtdoshlarimizning ijtimoiy faolligi, o‘z mahallasi, el-yurtimiz taqdiri va kelajagiga daxldorlik hissi ortib bormoqda. Bu borada “Tashabbusli budjet” dasturi joriy etilgani muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu dastur doirasida ilgari surilayotgan takliflar asosida aholi hayotiga taalluqli ko‘pgina dolzarb masalalar o‘z vaqtida va samarali hal etilmoqda”, deya ma’lum qildi davlat rahbari.
Mavzuga oid
08:58 / 09.04.2026
Mahallalarda xavfsizlikni ta’minlashda yangi model joriy etiladi
20:38 / 19.03.2026
Prezident mahalla tizimining bir guruh xodimlarini taqdirladi
14:46 / 10.02.2026
Mahallalarda tadbirkorlikni boshlash uchun 50 mln so‘mgacha garovsiz mablag‘ ajratiladi
15:31 / 24.01.2026