Jahon | 10:26 / 23.03.2023
12868
2 daqiqa o‘qiladi

Polshada AQSh armiyasining birinchi doimiy garnizoni ish boshladi

Kostyushko lageridagi AQSh armiyasi garnizoni AQSh Qurolli kuchlarining Yevropadagi sakkizinchi doimiy garnizoni bo‘ldi. U yerda 13 nafar amerikalik harbiy va 140 nafar fuqaro xizmat qilmoqda.

Foto: AFP

Polshada AQSh armiyasining birinchi doimiy garnizoni Poznan shahrida ishlay boshladi. Uning vazifasi mamlakatda joylashgan barcha amerikalik harbiylarni infratuzilma bilan ta’minlashdan iborat, deya tushuntirdi Polsha Mudofaa vazirligi 22 mart, chorshanba kuni.

Avvalroq Pentagon garnizonda 13 nafarga yaqin harbiy va 140 nafar fuqaro xizmatchisi bo‘lishini ma’lum qilgandi. Poznan garnizoni AQSh Qurolli kuchlarining Yevropadagi sakkizinchi doimiy garnizoni bo‘ldi.

Bugungi kunda Polshada 11 mingga yaqin amerikalik harbiy xizmatchilar joylashtirilgan. Ularning aksariyati AQShning turli harbiy bazalari o‘rtasida rotatsiya bo‘yicha almashtiriladi. Oq uy 2022 yil iyun oyida «NATOning sharqiy qanotidagi AQSh armiyasi birinchi doimiy bo‘linmalari» Polshada joylashtirilishini e’lon qildi.

21 mart kuni Polsha bosh vaziri o‘rinbosari va mudofaa vaziri Mariush Blashchak Polsha mintaqaviy qo‘llab-quvvatlash guruhini (ASG-P) AQSh armiyasi garnizoni (USAG-P)ga aylantirish bo‘yicha Poznandagi Kostyushko lagerida tantanali marosimda ishtirok etdi.

Kostyushko lageri 18-asr oxirida Mustaqillik uchun urushda Qo‘shma Shtatlar tomonida jang qilgan polshalik ofitser Tadeush Kostyushko sharafiga nomlangan. 2022 yil iyul oyida Kostyushko lageri nomi 2020 yildan beri Polshaning Poznan shahrida faoliyat yuritayotgan AQSh Beshinchi armiya korpusining ilg‘or qo‘mondonligi bazasiga berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid